Yangi korxonalar ishga tushirilib, navbatdagi rejalar belgilandi

Kegeyli tumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Tadbir avvalida 6 ta yangi korxonani ishga tushirish marosimi bo‘ldi. Beruniy tumanidagi “Beruniy bug‘doy klaster” hamda “Rayhon apparel”, Qorao‘zak tumanidagi “Qoraqalpoq sement” zavodining 3-bosqichi, Qo‘ng‘irot tumanidagi “KKRasi kemikal”, Nukus shahridagi “Azimut hotel”, To‘rtko‘l tumanidagi “Xozagro” vakillari videoaloqa orqali majmualar salohiyati haqida axborot berdi. Bu korxonalarda jami 1 ming 100 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi, ular orqali ishlab chiqarishga 300 milliard so‘m, eksportga 20 million dollar qo‘shiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, ushbu yangi korxonalarni ishga tushirdi.

Bu Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi rivojlanishning izchil davomi aslida. So‘nggi olti yilda hududda 15 trillion so‘m investitsiya hisobiga 5 ming 300 dan ziyod loyiha amalga oshirilgan. Tadbirkorlar soni 2 baravar ko‘payib, 46 mingta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Ilgari sanoati eng past bo‘lgan 6 ta tumanda ishlab chiqarish 2-3 baravar oshib, Qoraqalpog‘istondagi ulushi 12 foizga yetgan. 

Umuman, bu davrda Qoraqalpog‘istonda sanoat 1,3 baravar o‘sib, 61 turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, kimyo, qurilish materiallari, oziq-ovqat, tekstil va to‘qimachilik, farmatsevtika sanoati mahsulotlari tayyorlash 2 baravardan ziyod o‘sgan.

O‘tgan yil 31 avgustda davlatimiz rahbarining “Qoraqalpog‘iston Recpublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va katta dastur qabul qilingan edi. Bular bilan 2023-yilning o‘zida 670 milliard so‘m va 340 million dollar mablag‘lar ajratildi.

Tadbirkorlarga jozibador biznes muhitini yaratish maqsadida foyda, aylanmadan soliq, yer va mol-mulk soliqlari 2 baravar pasaytirildi, ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilandi. Bu orqali Qoraqalpog‘istonning barcha tadbirkorlari ixtiyorida yiliga 500 milliard so‘m qolayapti.

Faqat ushbu hudud tadbirkorlariga tijorat kreditlarining 75 foiziga Tadbirkorlik jamg‘armasi kafilligi berilishi belgilandi. Bunday imkoniyatlar sohalar rivojiga qo‘shimcha turtki berdi. 

– Biz bitta el va bitta yurtmiz! Hamma viloyatlar Qoraqalpog‘istonni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishga bel bog‘lagan. Har bir tumanga vazirlar, viloyat hokimlari, idora va banklar rahbarlari biriktirilgan. Buning natijalari barcha tumanlarda ko‘rinayapti va bu ishlar to‘xtamaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘iston aholisi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan uchta yangi tashabbus bildirdi.

Birinchisi, Qoraqalpog‘istondagi 452 ta mahallaning har biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 500 million so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi. Buning uchun alohida Qoraqalpog‘iston mahallalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilinib, unga joriy yilda 250 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Ikkinchisi, kadastri yo‘q 38 ming uy-joy va ko‘chmas mulklar bo‘yicha tegishli hujjatlar qilib beriladi.  

Uchinchisi, aholi talabini inobatga olib, joriy yilda 4 mingta uy-joy quriladi. Bunga qo‘shimcha, zamonaviy loyiha asosida 4 ming yakka tartibdagi uy-joy qurishga 4 sotixdan yer ajratiladi. 

Yig‘ilishda ish o‘rinlarini ko‘paytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

Qoraqalpog‘istonda 72 ming rasmiy ishsiz bor. Har yili 43 ming yoshlar mehnat bozoriga kirib keladi. Shularni hisobga olib, 193 ming ish o‘rni yaratish va Qoraqalpog‘istonni “ishsizlikdan xoli hudud”ga aylantirish maqsad qilib qo‘yildi. Bu borada yirik korxona va klasterlar, konchilik, oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik va qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi.

Oziq-ovqat mahsulotlari mo‘l va arzon bo‘lishini ta’minlash maqsadida 2022-yilda aholiga 6 ming 600 gektar yer brilgan edi, bu yil yana 6 ming gektar ajratilmoqda. Bu orqali sabzi, piyoz, kartoshka kabi kundalik mahsulotlarga ehtiyoj qoplanadi. Bo‘ston kanalini betonlash hisobiga Ellikqal’a, To‘rtko‘l va Beruniy tumanlarida 100 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilanadi. Dala chetlarida 3,6 ming gektarda kadi, uzum va sabzavot yetishtirib, 42 ming tonna mahsulot olinadi.

Qoraqalpog‘istonda 51 ta maktabda o‘quvchilar soni me’yordan 2 baravar ko‘p. 208 ta mahallada ichimlik suvi ta’minoti yaxshi emas. 120 kilometr magistral hamda eng serqatnov 600 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash kerak. Shu bois 9 ta tumanda maktabgacha ta’lim muassasalari qurish, maktab va shifoxonalarni ta’mirlashga, shu jumladan issiqlik ta’minotiga qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi belgilandi. 

Yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiyasi taqchilligi choralarini ko‘rish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi. 

Qoraqalpog‘istonlik faollar bu marralarni bajarish o‘zlariga bog‘liq ekani, hamma birlashib ishlasa, natijalar yanada yaxshi bo‘lishini ta’kidlashdi.