Bo‘lajak birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitining Seul shahrida o‘tkazilishi C5+1 formatiga yanada aniq va amaliy iqtisodiy mazmun bag‘ishlamoqda. Yangi kun tartibining markazida sanoatni modernizatsiya qilish, infratuzilma, muhim foydali qazilmalar va energetika, kadrlar tayyorlash hamda xususiy sektorning ishtiroki masalalari turibdi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarning institutsional asosini sanoat vazirlari uchun alohida maslahatlashuv mexanizmi tashkil etib, u muntazam tarmoq muloqotini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma tashabbuslarni izlash va ustuvor loyihalar ro‘yxatini shakllantirishga yo‘naltirilgan.
Shu tariqa, Markaziy Osiyo mamlakatlarining milliy sanoat ustuvor yo‘nalishlari
Koreya Respublikasining texnologik va investitsiyaviy imkoniyatlari bilan aniq
ishlab chiqarish zanjirlari darajasida uyg‘unlashishi uchun imkoniyat
yaratiladi. Texnologiyalar, infratuzilma, moliyalashtirish va bozorlar yirik
qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishning yagona tizimiga birlashadi.
Mazkur modelning salohiyati, ayniqsa, O‘zbekiston misolida yaqqol namoyon
bo‘ladi. Toshkent va Seul o‘rtasidagi munosabatlar 2019-yildan buyon alohida
strategik sheriklik maqomiga ega bo‘lib, Koreyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga
kiritgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarining jamlangan hajmi 8 milliard
dollardan oshdi. 2026-yil yanvar–iyun oylarida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi
1 milliard dollarga yaqinlashib, 11,5 foizga oshdi.
Mazkur ko‘rsatkichlar ortida allaqachon shakllangan hamkorlikning texnologik
bazasi turibdi. O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoati, noyob metallar va
qotishmalar sohasi, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi hamda elektron hukumat
yo‘nalishlarida qo‘shma markazlar faoliyat yuritmoqda, kimyoviy texnologiyalar
va qurilish sohalaridagi hamkorlik rivojlanmoqda. Ushbu tarmoq muhandislik
yechimlari, amaliy bilimlar va ishlab chiqarish tajribasini uzatish uchun
barqaror kanallarni yaratadi.
To‘plangan salohiyat O‘zbekistonning C5+1 kun tartibini qayta ishlash,
mahalliylashtirish, texnologik yangilanish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega
mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada rivojlantirishga yo‘naltirish imkonini
beradi. Shu bilan birga, mintaqaviy format Markaziy Osiyo mamlakatlari
korxonalari va Koreya biznesi o‘rtasidagi potensial hamkorlar va aloqalar
doirasini kengaytiradi.
Eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri muhim foydali qazilmalar bilan bog‘liq.
Hamkorlik butun texnologik zanjirni — geologik qidiruv, qayta ishlash,
rafinatsiya va qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarishlarni rivojlantirishni
qamrab oladi. Bunday modelda Markaziy Osiyoning mineral-xomashyo bazasi
texnologik aloqalarni chuqurlashtirish va mintaqa ichida yangi ishlab
chiqarishlarni tashkil etishning boshlang‘ich nuqtasiga aylanadi.
O‘zbekiston ushbu yo‘nalishda allaqachon muayyan amaliy salohiyatga ega.
Mamlakatda Noyob metallar va qotishmalar bo‘yicha O‘zbekiston–Koreya
ilmiy-texnologik markazi faoliyat yuritmoqda. Uning salohiyati
materialshunoslik, qayta ishlash texnologiyalari, ilmiy tadqiqotlar va
mutaxassislar tayyorlash sohalaridagi hamkorlikni, keyinchalik esa ularni
sanoatda qo‘llash istiqbollari bilan rivojlantirish imkonini beradi.
Yanada murakkab ishlab chiqarishlarning rivojlanishi bir vaqtning o‘zida
infratuzilmaga qo‘yiladigan talablarni ham oshiradi. C5+1 kun tartibida ushbu
blok energetika, sanoat majmualari, transport va logistika, shahar
infratuzilmasi, shuningdek, yirik loyihalarning butun hayotiy siklini —
rejalashtirish va qurilishdan tortib modernizatsiya va ekspluatatsiyagacha
bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladi. Investor uchun bu ishlab chiqarish maydonini
zarur energetik, muhandislik va logistika yechimlari bilan birgalikda ko‘rib
chiqish imkoniyatini anglatadi.
O‘zbekiston–Koreya hamkorligi bunday ko‘lamdagi loyihalarni amalga oshirish
uchun allaqachon moliyaviy asosga ega. O‘zbekistonning Koreya Respublikasi
Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) bilan 2024–2027-yillarga
mo‘ljallangan hamkorlik dasturi 2 milliard dollar hajmida shakllantirilgan. Shu
bilan birga, yangi tashabbuslar portfeli rivojlantirilmoqda hamda davlat
kafolatlarisiz va davlat-xususiy sheriklik asosida moliyalashtirish
mexanizmlari ishlab chiqilmoqda.
Moliyaviy vositalar doirasining kengayishi tijorat nuqtayi nazaridan barqaror
loyihalar, xususiy kapital va kompaniyalar o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlik
uchun yanada katta imkoniyatlar yaratadi. Bu, ayniqsa, uzoq investitsiya
sikliga ega bo‘lgan sanoat va infratuzilmaviy kooperatsiya uchun muhimdir,
chunki moliyalashtirish tuzilmasi ko‘p jihatdan loyihani amalga oshirish va
keyinchalik uni kengaytirish imkoniyatlarini belgilaydi.
Ishlab chiqarishlarning texnologik jihatdan murakkablashib borishi bilan
mutaxassislarning malakasiga qo‘yiladigan talablar ham ortadi. Kasbiy ko‘nikmalarni
rivojlantirish va kadrlar tayyorlash C5+1 sanoat mexanizmining ustuvor
yo‘nalishlaridan biridir. O‘zbekistonda buning uchun allaqachon amaliy baza
shakllantirilgan: Toshkent, Farg‘ona, Shahrisabz va Samarqand shaharlarida
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi ishtirokida tashkil etilgan to‘rtta
kasb-hunar ta’limi markazi faoliyat yuritmoqda, yana biri Urganch shahrida
qurilmoqda.
Mazkur modelni yanada rivojlantirish ko‘p jihatdan kompaniyalar darajasiga
o‘tadi. Aynan shu darajada texnologiyalar va to‘plangan bilimlar yangi ishlab
chiqarishlarda o‘z ifodasini topadi, tarmoq ustuvor yo‘nalishlari esa
investitsiyaviy qarorlar va tijorat mahsulotlariga aylanadi. Shu sababli
xususiy sektor, moliya institutlari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari C5+1 doirasidagi
sanoat hamkorligida muhim o‘rin egallaydi.
Ustuvor loyihalar ro‘yxatini shakllantirish mazkur ishlarning amaliy
izchilligini ta’minlaydi. Bunday vosita istiqbolli yo‘nalishlarni aniq
hamkorlar va moliyalashtirish manbalari bilan bog‘lash hamda ularni sanoat
mexanizmi yig‘ilishlari oralig‘ida ilgari surishni ta’minlash imkonini beradi.
O‘zbekiston yangi mintaqaviy arxitekturaga sezilarli amaliy salohiyat bilan
kirib kelmoqda: uning ko‘plab elementlari Koreya bilan ikki tomonlama hamkorlik
doirasida allaqachon ishlamoqda. Investitsiyalar texnologik markazlar,
moliyaviy dasturlar, mutaxassislar tayyorlash tizimi va murakkab loyihalarni
amalga oshirish tajribasi bilan uyg‘unlashmoqda. C5+1 ushbu bazani yanada
kengroq darajaga olib chiqish, Markaziy Osiyo mamlakatlarining milliy
imkoniyatlarini yangi ishlab chiqarish aloqalariga birlashtirish imkonini
beradi.
Seul sammitining O‘zbekiston uchun asosiy iqtisodiy salohiyati aynan shunda
namoyon bo‘ladi. Koreya Respublikasi bilan alohida strategik sheriklik mintaqaviy
davomga ega bo‘lmoqda — yanada chuqur qayta ishlash, texnologik
mahalliylashtirish, yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish va tayyor
mahsulotlarni yangi xorijiy bozorlarga chiqarish orqali. To‘plangan
O‘zbekiston–Koreya tajribasi C5+1ning sanoat arxitekturasidagi amaliy
elementlardan biriga aylanib, O‘zbekistonning Koreya Respublikasining Markaziy
Osiyo bilan texnologik va sanoat hamkorligidagi rolini mustahkamlamoqda.