Inson huquqlari va erkinliklarining ishonchli himoyasi borasida o‘zaro hamkorlik

Joriy yilning 23 fevral kuni Samarqand shahri “Silk Road Samarkand” majmuasi Kongress-markazida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) institutiga asos solinganligining 28 yilligi munosabati bilan “Inson huquqlari va erkinliklarining ishonchli himoyasi borasida o‘zaro hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Ombudsmanning 28 yilligiga bag‘ishlangan tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad inson huquq va erkinliklarini taʼminlashda xorijiy davlatlar Ombudsmanlari, milliy institutlari, vakolatli davlat organlari va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro tajriba almashish va chet davlatlarida mehnat qilayotgan hamyurtlarimiz manfaatlarini himoya qilishda hamkorlikni kuchaytirishdan iborat.

Shuningdek, yoshlar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish yuzasidan mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar mazmun-mohiyatini xalqaro hamjamiyatga yetkazish maqsad qilingan.

Konferensiya Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, AQSH xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) huquqiy islohotlar dasturi bilan hamkorligida tashkil etildi. Unda 20ga yaqin xorijiy mamlakatlarning inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi vakolatli organlari hamda xalqaro birlashma vakillari, jumladan, Portugaliya, Serbiya, Vengriya, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Tailand, Marokash qirolligi, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston davlatlari Ombudsmanlari hamda xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etishdi. Shuningdek, tadbirda Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Bosh prokuratura, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda qator davlat tashkilotlari vakillari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi komissiya aʼzolari, fuqarolik jamiyati instituti vakillari hamda OAV ishtirok etishdi.

Ombudsman so‘zi – butun dunyoda «inson huquqlarini himoya qiluvchi» sifatida tushuniladi. Ombudsmanlarning asosiy vazifasi fuqarolar murojaatlari tahlilidan kelib chiqib, jamiyatda qanday muammolar borligi haqida hukumatni xabardor qilishdan iborat. Tegishli tashkilotlar esa Ombudsman tavsiyalaridan kelib chiqib, tizimdagi kamchiliklarni  bartaraf etish orqali faoliyat samaradorligini oshiradi. Hozirgi vaqtda dunyoning 180 ga yaqin mamlakatlarida Ombudsman institutlari joriy etilgan.

1995 yil 23 fevralida Ombudsman instituti MDH davlatlari orasidan O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib joriy etildi. O‘tgan davr mobaynida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) ko‘plab fuqarolarning jumladan harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘ldi. Bir qancha xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida 20 dan ortiq memorandumlar imzolandi. Xalqaro Ombudsman instituti, Yevropa Ombudsman instituti, Osiyo Ombudsmanlar Assotsiatsiyasi, Turkiy tilli davlatlar va Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar Assotsiatsiyasi hamda Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansi kabi xalqaro birlashmalarning to‘la qonli aʼzosiga aylandi.

Qolaversa, 2022 yildan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoniga muvofiq, Ombudsmanning hududlarda doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari ish boshladi. Bu esa fuqarolar himoyasini tezlik bilan taʼminlash, ularning markazga kelish vaqtlari va xarajatlarini tejash, murojaatlarni tezlik bilan joyiga chiqib o‘rganish, monitoring tashriflari qamrovini kengaytirish imkonini berdi.

Xalqaro konferensiya o‘z ishini sessiyalarga bo‘lingan holda olib bordi. Unda xotin-qizlar va yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar huquqlarini himoya qilishning dolzarb jihatlari hamda Ombudsmanning davlat idoralari hamda fuqarolik jamiyati vakillari bilan o‘zaro hamkorligi masalalarini muhokama qilindi va o‘zaro tajriba almashildi.

Ilk sessiyada xalqaro tadbir ishtirokchilari xotin-qizlar hamda yoshlar huquqlariga rioya etilishi va ular manfaatlarini taʼminlashdagi ilg‘or tajribalar bilan tanishishdi.

Tadbirda qayd etilishicha, insonning huquq va erkinliklarini amalga oshirishda imkoniyatlar tengligini taʼminlash nogironligi bo‘lgan shaxslarga yetarli sharoitlar yaratish dolzarb masalalardan hisoblanadi. Ombudsman o‘z faoliyati davomida imkoniyati cheklangan shaxslar tomonidan yuborilayotgan murojaatlarga alohida eʼtibor qaratadi. Murojaatlar tahlili asosida 2022 yilda Ombudsman tashabbusi bilan jamoat joylarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar hamda nogironligi tufayli erkin harakatlana olmaydigan mahkumlarning (mahbuslarning) huquqlari taʼminlanishi bo‘yicha respublika bo‘ylab monitoring o‘rganishlari olib borilgan va aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha parlament va tegishli davlat idoralariga axborot kiritilgan.

2022 yilda Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 381 ta (2020 yilda 76 ta, 2021 yilda 177 ta) monitoring tashriflari amalga oshirildi. Ularda 6,0 mingdan ortiq mahkum (mahbus) bilan jamoaviy va 1657 nafar mahkum (mahbus) bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilgan. Ushbu monitoringlarda jamoatchilik vakillari va OAV ishtirok etishgan.

Tadbir doirasida Vengriya va Serbiya davlatlari Ombudsmanlari bilan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Xalqaro konferensiya yakunlariga ko‘ra, Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati