BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Helga Mariya Shmid bilan uchrashuvi bo’lib o’tdi.
V.Norov qayd etganidek, O’zbekiston YXHTni harbiy-siyosiy, iqtisodiy, ekologik va insoniy o’lchovlarda xavfsizlik masalalari bo’yicha siyosiy muloqot uchun noyob xalqaro platforma deb biladi.
O’zbekiston va YXHT o’rtasida jadal kengayib borayotgan hamkorlik mamnuniyat bilan qayd etildi. 2021-yili Transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish, inson huquqlarini himoya qilish, gender tengligini targ’ib qilish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, raqamli va «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish kabi sohalarda YXHT loyihalarini amalga oshirish bo’yicha «Yo’l xaritasi» qabul qilindi.
X.Shmid O’zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlarni, ayniqsa gender tengligini ta’minlash masalalariga qaratilayotgan e’tiborni olqishladi.
Rasmiy Toshkentning xorijiy sheriklar bilan hamkorlik va mintaqaviy o’zaro bog’liqlikni rivojlantirish, shuningdek, qo’shni Afg’onistonga ko’maklashish borasidagi sa’y-harakatlariga yuqori baho berildi.
Tomonlar, shuningdek, YXHTning O’zbekistondagi loyiha faoliyatini harbiy-siyosiy, iqtisodiy, ekologik va insoniy o’lchovlarda kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.