Saudiya Arabistonidagi vatandosh: Konstitutsiyaviy islohotlar aholi farovonligini oshirish, qadr-qimmatini himoya qilish va tinch-osoyishtaligini mustahkamlashga xizmat qiladi

O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha islohotlarning ahamiyati haqida Madina islom universiteti talabasi, O‘zbekiston fuqarosi Muhammadjon Elmurodov o‘z fikr-mulohazalarini bayon qildi:

– Chet elda, Madina islom universitetida tahsil olayotgan bo‘lsak ham, mamlakatimizda yuz berayotgan jarayonlar va amalga oshirilayotgan islohotlarni diqqat bilan kuzatib bormoqdamiz.

Bugungi kunda O‘zbekiston Bosh qomusiga zamon talablaridan kelib chiqqan holda o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha boshlangan jarayonni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.

O‘zbekiston Konstitutsiyasini yangilash hamda unga “inson qadr-qimmatini yana-da eʼzozlash” va “inson-jamiyat-davlat” kabi konstitutsiyaviy meʼyorlarning kiritilishi yurtimiz mustaqilligini yana-da mustahkamlaydi hamda xalqimiz farovonligini yuksaltiradi.

Shuningdek, Konstitutsiyaga “chet elda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni rivojlantirish” g‘oyasining kiritilishi xorijdagi o‘zbekistonliklarni yana-da birlashtirib, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida birgalikda harakat qilishga zamin yaratadi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyada yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, taʼlim va ilm-fan sohalarini taraqqiy ettirishga ulkan ahamiyat berilayotgani tahsinga sazovor. Chunki, ushbu innovatsion konstitutsiyaviy meʼyor davlatning intellektual qatlamini shakllantirishga huquqiy asos bo‘ladi.

Tom maʼnoda, konsutitutsiyaviy islohotlar aholi farovonligini oshirish, qadr-qimmatini himoya qilish va tinch-osoyishtaligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Vatandan uzoqda bo‘lsak ham, mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida faol ishtirok etishga tayyormiz.