O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Saudiya Arabistoni delegatsiyasi bilan ziyoratchilarimiz uchun yanada qulay sharoitlar yaratish masalalarini muhokama qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Musulmon olamining muqaddas ziyoratgohlariga safarlarni tashkil etish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan fuqarolarimizning Saudiya Arabistonida bo‘lishi bilan bog‘liq yanada qulay va shinam sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida haj va umra ishlari vaziri davlatimiz rahbariga Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va Valiahd, mamlakat Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saudning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Saudiya delegatsiyasining ushbu tashrifi joriy yil avgust oyida Saudiya Arabistoniga amalga oshirilgan tarixiy ahamiyatdagi davlat tashrifi davomida oliy darajada erishilgan kelishuvlarning davomi ekani alohida ta’kidlandi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston fuqarolari uchun yillik haj kvotasini ikki barobar – 24 ming nafargacha, umra ziyoratchilarini esa 100 ming nafargacha oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish, raqamlashtirish sohasida ilg‘or tajribani joriy qilish, saudiyalik turistlarning yurtimizda bo‘lishi uchun vizasiz tartib joriy qilinganini hisobga olgan holda ularning O‘zbekistonga safarlarini ko‘paytirish, ikki mamlakat yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari ham ko‘rib chiqildi.