O’zbekiston-Litva siyosiy maslahatlashuvlari haqida

2022-yil 22-sentabr kuni Toshkent shahrida O’zbekiston Respublikasi va Litva Respublikasi tashqi ishlar vazirliklari o’rtasidagi maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo’lib o’tdi.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirining o’rinbosari Gayrat Fozilov va Litva Tashqi ishlar vazirining o’rinbosari Mantos Adomenas boshchiligidagi delegatsiyalar tomonlarni qiziqtirgan sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar.

M.Adomenasning ta’kidlashicha, Litva Yangi O’zbekiston Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayoni va uning doirasida xalq farovonligini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini o’zgartirish, inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlash, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlarni yuksak baholaydi.

O’zbekiston va Litvaning o’zaro asnoda tashriflarni tashkil etish va barcha darajadagi aloqalarni jadallashtirish orqali konstruktiv siyosiy muloqotni kuchaytirishga tayyorligi qayd etildi.

Tomonlar Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo’yicha Hukumatlararo komissiya faoliyatini jadallashtirish yuzasidan kelishib oldilar. 2023-yili Toshkent shahrida Komissiyaning navbatdagi yig’ilishini hamda uning doirasida biznes-forumni o’tkazish taklifi bildirildi.

Litva bozoriga O’zbekistondan turli xil mahsulotlarni, shu jumladan to’qimachilik va kimyo sanoati tovarlari, qurilish materiallari, mineral o’g’itlar, meva-sabzavot va boshqalarni etkazib berishni tashkil etish imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi.

Ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari, shaharlari va hududlari o’rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, o’zaro asnoda transport va bojxona preferensiya va imtiyozlarini taqdim etish, mehnat migratsiyasi oqimlarini diversifikatsiyalash, sayyohlar almashinuvlarini ko’paytirish bo’yicha tashabbuslar ko’rib chiqildi. 

Tomonlar ta’lim, sog’liqni saqlash sohalarida tajriba almashish va qo’shma tadbirlarni tashkil etish, O’zbekistonda Litva oliy o’quv yurtlari filiallarini ochish, mutaxassislar, o’qituvchilar va talabalar uchun stajirovkalarni tashkil etish masalalarini o’rganishga kelishib oldilar.

O’zbekiston va Latviyaning BMT, YeXHT va boshqa xalqaro institutlar doirasida yaqin muloqot va o’zaro qo’llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorligi tasdiqlandi.