O‘zbekiston delegatsiyasining Yaponiya parlamentida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov boshchiligidagi delegatsiya bugun Yaponiya parlamentining Vakillar palatasi deputati, O‘zbekiston bilan parlamentlararo Do‘stlik ligasi ijroiya qo‘mitasi rahbari Keysuke Suzuki bilan uchrashdi.

Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning joriy holati va istiqbollari hamda parlamentlararo hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar hamda konstitutsiyaviy islohotlar mazmun-mohiyati va ahamiyati haqidagi maʼlumot taqdim etildi. O‘z navbatida, Yaponiya parlamenti vakili yurtimizda Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasida keng jamoatchilik vakillari faol qatnashayotgani, bu jarayonda aholining barcha qatlamlari fikr va takliflarini inobatga olishga katta ahamiyat berilayotganini yuqori baholadi.

Keysuke Suzuki Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar Buyuk ipak yo‘li davriga borib taqalishini, Yaponiya xalqining O‘zbekistonga munosabati juda ijobiy ekanini bildirdi. Shuningdek, deputat mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yana-da rivojlantirish va chuqurlashtirish zarurligini taʼkidlab o‘tdi. Deputat ushbu jarayonda xalq diplomatiyasi ham muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat siyosiy partiyalari o‘rtasida aloqalarni hamkorlikni rivojlantirish, turizm sohasidagi va hududlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.