Insonparvarlik yuklarini yetkazib berish marosimi to‘g‘risida

2022-yil 25-iyun kuni Kobulda Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik yuklarini topshirishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Yaqinda Afg‘onistonning Xost va Paktika provinsiyalarida ro‘y bergan vayronkor zilzila oqibatlarini yumshatish maqsadida O‘zbekistondan un, o‘simlik yog‘i, konserva mahsulotlari, oyoq kiyimlar va dori-darmonlar, jami 74 tonnadan iborat insonparvarlik yordami ikkita yuk samolyotida Afg‘onistonga yetkazildi.

Marosimda so‘zga chiqqan Afg‘oniston Muvaqqat hukumati axborot va madaniyat vaziri v.b. Xayrulla Xayrxva Afg‘oniston hukumati nomidan Prezident Shavkat Mirziyoyevga, barcha do‘st O‘zbekiston xalqiga ushbu og‘ir va sinovli vaziyatda afg‘on eliga ko‘rsatgan bebaho yordami uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekiston rahbari butun dunyoga Afg‘oniston xalqiga nisbatan beg‘araz jasorat va birodarlik munosabati namunasini yana bir bor namoyon etdi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning samimiy va g‘oyat insonparvar ekanligidan dalolatdir».

Alohida qayd etilganidek, Afg‘onistondagi dahshatli fojiadan so‘ng zudlik bilan ko‘rsatilgan yordam minglab oddiy afg‘onlar hayotini saqlab qolishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlari o‘rtasidagi chuqur tarixiy-ma’naviy, madaniy-gumanitar aloqalarni ta’kidlar ekan, X.Xayrxva mamlakat hukumati ushbu rishtalarni yanada rivojlantirishga intilayotganini ta’kidladi.

“O‘zbek zamini xazinalari sanalmish qadimiy Samarqand va Buxoro islom madaniyati markazlari bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi, ularni, jumladan, butun afg‘on xalqi e’zozlaydi.

Ishonchimiz komilki, O‘zbekistonning bunday chinakam samimiy ko‘magi qardoshlik rishtalarimizni yanada mustahkamlash, xalqlarimiz va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaqinlashuvga xizmat qiladi”, — dedi Afg‘oniston madaniyat va axborot vaziri.

O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Afg‘onistonga ko‘rsatilayotgan bu yordamning birodarlik xususiyatiga ega ekanini ta’kidlar ekan, uning insonparvarlik mazmuniga to‘xtaldi.

Gumanitar yuklarning Afg‘oniston xalqiga yetkazilishi “afg‘on xalqi uchun eng og‘ir damlarda ham afg‘on zaminida doimo tinchlik va farovonlik haqida o‘ylaydigan” O‘zbekiston Prezidentining shaxsiy tashabbusi ekanligi ta’kidlandi.