Gretsiya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv toʻgʻrisida

2022-yil 1-dekabr kuni YXHT Vazirlar kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun Lodz shahriga tashrif buyurgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Gretsiya Tashqi ishlar vaziri Nikos Dendias bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Uchrashuvda kun tartibining barcha yoʻnalishlari boʻyicha Oʻzbekiston – Gretsiya munosabatlarining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, BMT va uning institutlari, shuningdek, mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi oʻzaro hamkorlikning ayrim jihatlari koʻrib chiqildi.

Boʻlajak qoʻshma tadbirlarning kun tartibi va jadvali, xususan, TIVlararo siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi yuzasidan fikr almashildi.

Ikki mamlakat taʼlim muassasalari, xususan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi Diplomatik akademiya hamda Gretsiya Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik akademiyasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdorlik bildirildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarning mavjud salohiyatini roʻyobga chiqarishga alohida eʼtibor qaratildi. Shu nuqtayi nazardan, iqtisodiy va texnik hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya faoliyatini qayta tiklash, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va tegishli idoralari oʻrtasida investitsiya, transport, infratuzilma va energetika sohalarida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni faollashtirish zarurligi qayd etildi.

V.Norov Gretsiya tomonini BMTning Orolboʻyi mintaqasi boʻyicha inson xavfsizligi boʻyicha koʻp sheriklik Trast fondi ishida qatnashishga chaqirdi.

Muloqot davomida, shuningdek, madaniy-gumanitar sohadagi almashinuvlar boʻyicha hamkorlikni kengaytirish yuzasidan takliflar koʻrib chiqildi.