Fransiya Elchisi bilan uchrashuv toʻgʻrisida

2022-yil 28-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Fransiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Oreliya Bushezni qabul qildi.

Suhbat chogʻida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari muhokama qilindi hamda 2023-yilga moʻljallangan Oʻzbekiston-Fransiya koʻp qirrali hamkorligining ustuvor yoʻnalishlariga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Prezidentining joriy yil 21-22-noyabr kunlari Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi va oliy darajadagi muzokaralari yakunlari ikki davlat rahbarlarining Oʻzbekiston-Fransiya muloqotiga barcha sohalarda yangicha surʼat bagʻishlash borasidagi siyosiy irodasi mavjudligini tasdiqladi.

Muzokaralarda iqtisodiy diplomatiyani mustahkamlash masalalari muhim oʻrin tutdi. Tashrif chogʻida umumiy qiymati 6 milliard yevrodan ortiq savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikka doir loyihalarini amalga oshirish boʻyicha erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi bildirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan Fransiya Milliy assambleyasi oʻrtasida, jumladan, Parlamentlararo ittifoq va YXHT Parlament assambleyasi doirasidagi hamkorlikni faollashtirish muhimligi taʻkidlandi.

Uchrashuvda kelgusi yilda rejalashtirilgan qoʻshma tadbirlar jadvali va kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlarning madaniy-gumanitar sohadagi oʻzaro hamkorligiga alohida eʻtibor qaratildi. Elchi Fransiya jamoatchiligi va ushbu mamlakat poytaxtiga tashrif buyuruvchilar Luvr va Parijdagi Arab dunyosi institutida ochilgan Oʻzbekiston muzeylari eksponatlarining koʻrgazmalariga alohida qiziqish bildirayotganini taʻkidladi.