Qozog‘istonning Aktobe viloyati vakillari o‘zbekistonlik sheriklar bilan biznes aloqalarini kengaytirishga qiziqish bildirmoqda

 OQTOV, 19 noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Oqtov shahridagi Bosh konsuli amaliy safar bilan Qozog‘istonning Aktobe viloyatida bo‘ldi.  Safar davomida  viloyat akimi Ondasin Urazalin, viloyat ichki ishlar boshqarmasi va “Atameken” tadbirkorlar palatasi rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirlarda O‘zbekistonda so‘nggi besh yil ichida erkin biznes yuritish uchun yangi muhit shakllangani, ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy sohalarning dolzarb vazifalari faol hal etilayotgani, aholi turmush darajasini yaxshilash va mamlakatni madaniy-gumanitar rivojlantirish borasida katta o‘zgarishlarga erishilayotgani haqida maʼlumot taqdim etildi.

Shuningdek, O‘zbekistonning tashqi siyosat yo‘nalishidagi, avvalambor, uning yaqin qo‘shnilari bilan do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari haqida so‘zlab berildi.

Muzokaralarda savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, jumladan, turizmni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Aktobe viloyati “Atameken” tadbirkorlar palatasi raisi Sulupan Shintasova O‘zbekistonda kuzatilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar va  tadbirkorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni yuqori baholadi. U o‘zbekistonlik sheriklar bilan biznesni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Pandemiyani hisobga olgan holda, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun Qoraqalpog‘iston va  Xorazm viloyatlari savdo-sanoat palatalari hamda “Atameken” tadbirkorlar palatasi vakillari o‘rtasida onlayn-muloqotlar tashkil etish bo‘yicha  kelishuvga erishildi.

https://dunyo.info/uz/site/inner?slug=qozog%E2%80%98istonning_aktobe_viloyati_vakillari_o%E2%80%98zbekistonlik_sheriklar_bilan_biznes_aloqalarini_kengaytirishga_qiziqish_bildirmoqda-XeA&fbclid=IwAR22yQin87NTiUFThoIjRuPl9h0kX2QTeszp3aMvVapAVtmd9QnVlWSeeZo

https://dunyo.info/ru/site/inner/v_aktyubinskoy_oblasti_kazahstana_virazili_zainteresovannosty_v_rasshirenii_biznesa_s_uzbekskimi_partnerami-R4u?fbclid=IwAR0qoWCwE8xy9QmGfpdsuBjh3DDHFf35GURvomcZ8_cxbvrtS_WWbwIdlLo