Qozog‘iston ichki ishlar vazirligi chet el fuqarolarining mamlakat hududida vaqtinchalik bo‘lish muddati 5 iyun kuni tugashi haqida ogohlantirdi

TOSHKENT, 31 may. /“Dunyo” AA/. 5 iyun kuni Qozog‘iston hududida chet el fuqarolarining 2020 yil idoralararo komissiya tomonidan pandemiya munosabati bilan uzaytirilgan vaqtinchalik yashash muddati tugaydi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Kazinform” davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, Qozog‘iston ichki ishlar vazirligi rasmiy vakili Nurdilda Oraz qator xorijiy fuqarolarning mamlakatda vaqtinchalik yashash bo‘yicha ruxsatnomalarining muddati tugayotganini eslatgan.

«Hozir kunda 460 ming nafar chet el fuqarosi Qozog‘istonda istiqomat qilishni qonuniylashtirgan. Politsiya ularga vaqtinchalik yashash, mehnat qilish, oilani birlashtirish, taʼlim olish, davolanish uchun ruxsatnomalar bergan.  6,5 ming kishining  vizalari uzaytirilgan, – degan Nurdilda Oraz.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 560 ming xorijlik o‘z vataniga jo‘nab ketgan. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlarining 35 ming fuqarosining Rossiyadan nazorat tranzit o‘tishi taʼminlangan.

«Mamlakatimizda bo‘lish muddati tugagan yoki tugayotgan chet elliklarning 2021 yil 5 iyundan boshlab maʼmuriy javobgarlikka tortish holatlarining oldini olish maqsadida ular migratsiya organlariga murojaat qilib, huquqiy maqomini o‘z vaqtida rasmiylashtirishi kerak», deb ogohlantirdi  Qozog‘iston ichki ishlar vazirligi rasmiy vakili.

Avvalroq, O‘zbekistonning Olmaotadagi Bosh konsulxonasi mamlakatimiz fuqarolariga joriy yil 5 iyun kuni Qozog‘iston hududida chet elliklarning vaqtinchalik bo‘lish muddati tugashini eslatib o‘tgan edi. Bosh konsulxona O‘zbekiston fuqarolariga Qozog‘iston hududida vaqtincha bo‘lib turish muddati tugagan bo‘lsa, o‘zlarining yashash joyidagi ichki ishlar organlarida mamlakatda qolish holatini qonuniylashtirish yoki 2021 yil  5 iyundan oldin mamlakat hududini tark etishini tavsiya qilgan.

https://dunyo.info/uz/site/inner?slug=qozog%E2%80%98iston_ichki_ishlar_vazirligi_chet_el_fuqarolarining_mamlakat_hududida_vaqtinchalik_bo%E2%80%98lish_muddati__5_iyun_kuni_tugashi_haqida_ogohlantirdi-WRS&fbclid=IwAR3RMiTyMWBzMXk5fxYC0-O_orFx3awq03Yne5608gDtlAsjHTodz0CJftE