O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimi Mangistau viloyatida mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashdi

AKTAU, 14 aprel. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimi Qozog‘istonning Mangistau viloyati Aktau shahri 18-kichik tumanida joylashgan “Maks-2” korxonasida vaqtinchalik  ishlayotgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Maks-2” rahbarlari E.Jumabayev va D.Sogindik, yurtdoshlarimiz bilan muloqot chog‘ida tashkilot qurilish obyektlarida 100 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilayotgani bildirildi. Ularga barcha sharoitlar yaratib berilgan.

Bosh konsulxona xodimi O‘zbekistonda olib borilayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayoni hamda mehnat migratsiyasi sohasidagi yangiliklar, «Ishga marhamat» mono markazlari faoliyati haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, vatandoshlarimizni bezovta qilayotgan muammolar, yaratilgan shart-sharoitlar, mehnat xavfsizligi kabi masalalar bilan qiziqdi.

O‘zbekistonlik mehnat migrantlari, o‘z navbatida, mehnat meʼyorlari yaxshi o‘rnatilgani, ish va dam olish vaqtlari o‘zaro ichki tartib qoida asosida belgilangani, oylik maoshlari  o‘z vaqtida berib kelinayotganini maʼlum qildi.

Suhbatda Qozog‘istonning mehnat migratsiyasiga oid qonunchilik meʼyorlari va karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilinishi zarurligi taʼkidlandi. Fuqarolarimiz o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan konsulxonaga murojaat etishga chaqirildi.

https://dunyo.info/uz/site/inner?slug=o%E2%80%98zbekiston_bosh_konsulxonasi_xodimi_mangistau_viloyatida_mehnat_qilayotgan_yurtdoshlarimiz_bilan_uchrashdi-H-9&fbclid=IwAR0u-nW5pdP4uxf4USsiU-mnTGbprFsfBpnvN2o-n7ksPHIRwJ65yY5uKlg