COVID-19 infeksiyasiga ekspress test olish tartibi bekor qilinishi yuzasidan

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlag bo‘yicha maxsus komissiyaning qaroriga binoan, 2021-yilning 15-martidan boshlab O‘zbekiston Respublikasiga havo, temir yo‘l transporti hamda chegara punktlari orqali tashrif buyurayotgan shaxslardan aeroport, temir yo‘l vokzali yoxud chegara punkti hududida koronavirus infeksiyasiga antigen ekspress test olish tartibi bekor qilinadi.

Shu bilan birga, quyidagicha yangi tartib joriy qilinmoqda:

– havo va temir yo‘l qatnovlari orqali tashrif buyurayotgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasiga kelish uchun havo yoki temir yo‘l qatnoviga ro‘yxatdan o‘tishdan oldin so‘nggi 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda koronavirus infeksiyasiga faqat PZR  orqali tekshirilib, manfiy ko‘rsatkichga ega deb topilgan maʼlumotnomani taqdim etishi talab etiladi;

– avtoyo‘l chegara o‘tkazish punktlari orqali O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan shaxslar tomonidan so‘nggi 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda koronavirus infeksiyasiga PZR orqali tekshirilib, manfiy ko‘rsatkichga ega deb topilgan maʼlumotnomani taqdim etilganda yoki PZR natijasi bo‘lmagan hollarda chegara o‘tkazish punktlarida faoliyat yuritadigan maxsus klinika yoki laboratoriyalarda koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi orqali manfiy natija qayd etilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi hududiga kiritiladi. Bunda koronavirus infeksiyasiga PZR tekshiruvlari natijalari ingliz yoki rus tillarida bo‘lishi talab etiladi.

2021 yilning 25 martdan boshlab xorijiy mamlakatlardan O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchilardan faqat sifat ko‘rsatkichi talab darajasida bo‘lgan laboratoriyalarning koronavirus infeksiyasiga PZR tekshiruvlari maʼlumotnomalari bilan havo yoki temir yo‘l qatnoviga ro‘yxatdan o‘tkaziladi yoxud avtoyo‘l chegara o‘tkazish punktlari orqali O‘zbekiston Respublikasiga koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi o‘tkazmasdan kiritiladi.

Mutasaddi tashkilotlar tomonidan chet elda sifatli hamda ishonchli koronavirus infeksiyasiga PZR tekshiruvlarini o‘tkazuvchi laboratoriyalar – yaʼni O‘zbekiston Respublikasida tan olinadigan laboratoriyalar ro‘yxati (har bir mamlakat kesimida kamida 10 tadan) shakllantiriladi va eʼlon qilinadi.

https://www.mfa.uz/uz/press/news/2021/covid-19-infeksiyasiga-ekspress-test-olish-tartibi-bekor-qilinishi-yuzasidan—29427