Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi “M-Clinic” ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini borib ko‘rdi.
Bu klinikani mamlakatimiz tibbiyotida yangi bosqich deyish mumkin. 202 million dollarlik loyiha evaziga 6 ta bino bunyod etilib, eng zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Tibbiy texnologiyalar Germaniyaning KBV GmbH & Co. KG kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan.
Muassasada kattalar uchun 95 ta va bolalar uchun 33 ta statsionar o‘rin, 1 ming 400 ta qatnovga mo‘ljallangan poliklinika tashkil etilgan. Ular yaqin oylarda ishga tushiriladi. Umuman, tibbiyot markazida 50 ta tor mutaxassislik bo‘yicha xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Xususan, markazda kardiologiya, angiografiya, travmatologiya, neyroxirurgiya, ginekologiya va urologiya bo‘yicha 5 ta jarrohlik xonasi bo‘ladi. Ularda yiliga 5 mingta yuqori texnologiyali operatsiyalarni amalga oshirish mumkin. Ilg‘or uskunalar kam kesish va tez reabilitatsiya qilish imkonini beradi.
Davlatimiz rahbari bu sharoitlar bilan sinchiklab tanishdi. Markazni muayyan yo‘nalishlar bo‘yicha tayanch muassasaga aylantirish, bu yerdagi tajriba asosida shifokorlar malakasini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
Majmuada bemorlarning yaqinlari uchun 120 o‘rinli mehmonxona ham barpo etilgan.
Xususiy tibbiyot rivojiga yaratilgan imkoniyatlar natijasida yurtimizda nodavlat shifo maskanlari soni 8 mingtadan oshgan. Ular shug‘illanishi mumkin bo‘lgan tibbiy yo‘nalishlar 50 tadan 129 taga kengaytirilgan.