2023-yil 1-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Malayziyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Xendi Assanni qabul qildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar koʻrib chiqilib, 2022-yilda siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik yakunlari sarhisob qilindi. 2023-yilga moʻljallangan oʻzaro hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi hamkorlik ikki davlat salohiyatiga mos kelmasligi qayd etildi. Iqtisodiy diplomatiyaning qoʻshma mexanizmlarini takomillashtirish, xususan, Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi qoʻshma savdo qoʻmitasi faoliyatini qayta tiklash yuzasidan fikr almashildi.
Madaniy-gumanitar taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.
Muzokaralarda, ayniqsa, ziyorat turizmi sohasida sayyohlik almashinuvini yanada oshirish zarurligi ham taʼkidlanib, tegishli qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.