2022-yil 19-sentabr kuni O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida Serbiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Nikola Selakovich bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida siyosat, savdo, investitsiyalar, ta’lim sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, madaniy-gumanitar muloqotni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Turli darajalarda o’tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar va tashriflarning alohida jihatlari muhokama qilinadi.
O’zbekiston va Serbiyaning salmoqli savdo-iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida tovarlar assortimentini kengaytirish, O’zbekiston-Serbiya hukumatlararo komissiyasini tashkil etish va uning yig’ilishini o’tkazish, qishloq xo’jaligi, kimyo sanoati energetika sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo’yicha qo’shma chora-tadbirlarni amalga oshirish taklif qilindi.
Investitsiyalarni himoya qilish va rag’batlantirish, mehnat resurslarini jalb qilish, qishloq xo’jaligi sohasidagi hamkorlik, sertifikatlashtirish, shuningdek, fan va texnologiyalar sohasidagi o’zaro hamkorlik bo’yicha qator ikki tomonlama bitimlarni imzolash masalalarini ishlab chiqish bo’yicha kelishib olindi.
Tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo’nalishlaridan biri sifatida turizmni e’tirof etdilar. Serbiyalik investorlarning O’zbekistonda yangi turizm infratuzilmasini qurish va mavjud obyektrlarni rekonstruksiya qilish loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etish imkoniyatlari ko’rib chiqildi.
Oliy o’quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari, madaniyat va sog’liqni saqlash muassasalari o’rtasidagi aloqalarni rivojlantirishdan O’zbekiston va Serbiyaning manfaatdorligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida O’zbekiston va Serbiya Tashqi ishlar vazirliklari o’rtasida Hamkorlik va maslahatlashuvlar to’g’risidagi protokol imzolandi. Hujjat ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o’rtasida siyosiy maslahatlashuvlar o’tkazilishini tartibga soladi.