O‘zbekiston–Serbiya iqtisodiy
munosabatlarida kompaniyalarning hamkor mamlakat bozoriga o‘zaro kirib
borishiga asoslangan yanada chuqurroq model shakllana boshlamoqda. O‘zbekiston
tomoni Serbiyaning infratuzilmaviy loyihalarida ishtirok etish masalalarini
ishlab chiqmoqda, serbiyalik hamkorlar esa O‘zbekistonda mahalliylashtirish,
kontrakt asosida ishlab chiqarish va buyurtmalarni joylashtirish
imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Shu tariqa, savdo aloqalari
hamkorlikka yanada barqaror tus berishi mumkin bo‘lgan investitsiyaviy va
ishlab chiqarish loyihalari bilan to‘ldirilmoqda.
Bunday yaqinlashuvning iqtisodiy mantiqi ko‘p jihatdan ikki mamlakatning
geografik va iqtisodiy joylashuvi bilan belgilanadi. Serbiya Markaziy va
Janubi-Sharqiy Yevropaning yirik bozorlariga bevosita yaqin joylashgan bo‘lib,
rivojlangan savdo bitimlari tarmog‘iga tayanadi. O‘zbekiston esa Markaziy
Osiyoda sanoat bazasini izchil kengaytirib, mahalliylashtirish darajasini
chuqurlashtirmoqda. Bunday uyg‘unlik hamkor mamlakat bozori ishlab chiqarish va
investitsiyalar uchun maydon bo‘lib, keyinchalik qo‘shni bozorlarga chiqish
imkonini beradigan loyihalarni amalga oshirish uchun sharoit yaratadi.
Mavjud savdo aloqalari hamkorlikning tarmoq asoslarini allaqachon belgilab
bermoqda. O‘zbekiston Serbiyaga oziq-ovqat, to‘qimachilik va kimyo
mahsulotlarini yetkazib bermoqda, Serbiya eksporti tarkibiga esa sanoat
uskunalari, mashinalar, metall buyumlar va boshqa ishlab chiqarish
maqsadlaridagi tovarlar kiradi. Eng katta salohiyat yetkazib berishlar ishlab
chiqarish ixtisoslashuvi va qo‘shma investitsiyalar orqali davom ettirilishi
mumkin bo‘lgan segmentlarda mavjud.
Markaziy Osiyoning Yevropa bilan transport bog‘liqligining rivojlanishi Serbiya
yo‘nalishining ahamiyatini oshirmoqda. Serbiya O‘rta, ya’ni Transkaspiy koridorining
Yevropadagi ehtimoliy bo‘g‘ini sifatida ko‘rilmoqda. Tashuvlarning
ishonchliligi va prognoz qilinishini oshirish biznes uchun logistika
cheklovlarini kamaytiradi hamda bir vaqtning o‘zida Markaziy Osiyo va Yevropa
bozorlariga yo‘naltirilgan loyihalarning iqtisodiy samaradorligini yaxshilaydi.
Shu nuqtayi nazardan, temir yo‘l sohasidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi. Tomonlar Serbiyada qariyb 200 kilometr temir yo‘l infratuzilmasini qurish bo‘yicha qo‘shma loyihani ishlab chiqmoqda. O‘zbekiston uchun ushbu tashabbusning ahamiyati alohida infratuzilmaviy loyiha doirasidan ancha keng. Gap temir yo‘l qurilishi, muhandislik va yirik transport obyektlarini amalga oshirish sohalarida to‘plangan salohiyatni Yevropa yo‘nalishiga olib chiqish imkoniyati haqida bormoqda. Bu muhandislik va qurilish xizmatlari hisobidan mamlakatning eksport salohiyatini kengaytiradi hamda milliy kompaniyalarga Yevropaning biznes va me’yoriy muhitida loyihalarni amalga oshirish tajribasini orttirish imkonini beradi.
Sanoat sohasida yanada murakkab kooperatsiyaga o‘tish bir vaqtning o‘zida bir
nechta formatlarda namoyon bo‘lmoqda. Yengil sanoatda serbiyalik brendlarning
buyurtmalarini O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish
quvvatlariga joylashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Farmatsevtika sohasida
Hemofarm va Galenika kompaniyalari bilan birgalikda dori vositalarini kontrakt
asosida ishlab chiqarish, shuningdek, “Torlak” instituti bilan mahalliy ishlab
chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalari ishlab chiqilmoqda. Mashinasozlik va
elektrotexnika sohalarida metall butlovchi qismlarni mahalliylashtirish hamda
elektr dvigatellarini yig‘ish haqida so‘z bormoqda. Ushbu kun tartibini kimyo
sanoati va kichik hamda o‘rta gidroenergetika sohasidagi tashabbuslar ham to‘ldirmoqda.
Mazkur formatlar korxonalarning qo‘shma qiymat yaratish zanjirlariga jalb
etilishining turli darajalarini aks ettiradi. Buyurtmalarni joylashtirish
mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish va xorijiy brendlar bilan
aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Kontrakt asosida ishlab chiqarish
texnologiyalar, standartlar va sifat nazoratiga qo‘yiladigan talablarni
oshiradi. Butlovchi qismlarni mahalliylashtirish esa yanada murakkab
operatsiyalarni mamlakat ichiga olib kiradi va mahalliy yetkazib beruvchilarga
bo‘lgan talabni shakllantiradi. Shu tariqa, tijorat aloqalari bosqichma-bosqich
barqaror ishlab chiqarish ixtisoslashuvi uchun asos yaratadi. Hamkorlikning
o‘zaro manfaatli xususiyati qurilish sohasida ham namoyon bo‘lmoqda.
Serbiyada temir yo‘l loyihalarini birgalikda ishlab chiqish bilan bir qatorda,
serbiyalik pudratchilarni O‘zbekistondagi shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha
yirik loyihalarga jalb etish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda. Har bir tomon
hamkor mamlakat bozorida o‘z tajribasini qo‘llash va milliy biznes
faoliyatining geografiyasini kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ushbu bosqichda institutsional baza alohida ahamiyat kasb etadi.
Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish hamda iqtisodiy
hamkorlik to‘g‘risidagi kuchga kirgan bitimlar uzoq muddatli investitsiyalar va
tizimli tarmoq hamkorligi uchun huquqiy asos yaratadi. Ularning amaliy
ahamiyati allaqachon belgilangan tashabbuslarni — ishtirokchilar va moliyaviy
modelni aniqlashdan tortib, loyihalarni bevosita amalga oshirishgacha bo‘lgan
jarayonni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Shu tariqa, hamkorlikning keyingi bosqichi konturlari allaqachon yetarlicha
aniq: Yevropa yo‘nalishidagi infratuzilmaviy xizmatlar, o‘zbek korxonalarini
xorijiy ishlab chiqarish zanjirlariga jalb etish, mamlakat ichida yanada
murakkab texnologik operatsiyalarni o‘zlashtirish va biznesning yirik
loyihalarda o‘zaro ishtiroki. Bu savdo aloqalari investitsiyalar va sanoat
kooperatsiyasida o‘zining amaliy davomini topadigan yanada chuqur munosabatlar
tuzilmasini shakllantirmoqda.
Endilikda asosiy vazifa shakllangan tashabbuslar portfelini izchil ravishda
amaldagi loyihalarga aylantirishdan iborat. Ularning amalga oshirilishi ikki
mamlakatning geografik joylashuvini amaliy iqtisodiy resursga aylantirish
imkonini beradi: O‘zbekiston uchun — milliy biznes faoliyatini Yevropa
yo‘nalishida kengaytirish, Serbiya uchun esa — Markaziy Osiyoning sanoat
makonida uzoq muddatli ishtirokini rivojlantirish imkonini yaratadi.