2023-yil 8-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Furqat Sidikov Yaponiyaning Favqulodda va Muxtor Elchisi Takashi Xatorini qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Yaponiya hamkorligining siyosiy, savdo-iqtisodiy, ta’lim, madaniy-gumanitar va iqtisodiy diplomatiyani chuqurlashtirishdagi amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, o‘zaro savdoni rivojlantirish, eksport va investitsiyaviy hamkorlikni yuksaltirishning yangi yo‘llari hamda imkoniyatlarini izlash bo‘yicha ikki tomonlama sa’y-harakatlar muhim sanaladi. Elchi yapon biznesining o‘zbek hamkorlari bilan ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishga qiziqishi ortib borayotganini ma’lum qildi.
Tomonlar, shuningdek, O‘zbekistonda sanoat tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlash sohasida malaka oshirish va tajriba almashish uchun yaponiyalik mutaxassislarni jalb qilishdagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.