Prezidentlar tashrifning samarali natijalaridan mamnunligini bildirdilar

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov muzokaralardan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazdilar.

Davlatimiz rahbari Qirg‘iziston Prezidenti va xalqini har doimgidek samimiy va iliq qabul uchun minnatdorlik bildirdi.

– Davlat tashrifimiz O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining o‘ttiz yilligida o‘tayotgani ramziy ma’noga ega, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari ishonch va konstruktiv muloqot ruhida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar natijalarini yuksak baholadi. Tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikning muhim yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilib, uni chuqurlashtirish bo‘yicha aniq qarorlar qabul qilganlarini ta’kidladi.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma tuzilgani ikki tomonlama munosabatlarda chinakam tarixiy voqea bo‘lgani qayd etildi.

– Chegarani delimitatsiya qilish masalari to‘liq tartibga solingani ikki tomonlama hamkorlik va hududlararo almashinuvlar rivojida muhim o‘rin tutadi, mintaqamizda barqarorlik va xavfsizlikning mustahkamlanishiga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muzokaralar yakunida qabul qilingan muhim hujjatlardan biri Keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya bo‘ldi. Bu, davlatimiz rahbari qayd etganidek,  mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo‘lidagi ko‘p qirrali hamkorlik rivojida yangi davrning boshlanishidir.

Savdo va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamkorlikning eng muhim ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash yetti barobarga ko‘paydi va 1,3 milliard dollarga yetdi.

Ikki mamlakat hukumatlari oldiga tovar ayirboshlashni, shu jumladan importning o‘rnini faol to‘ldirish va savdo markazlarini tashkil etish orqali ikki milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Kuni kecha o‘tgan biznes-forumda umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik shartnoma va kelishuvlar imzolangani ham ushbu maqsadning muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqishiga xizmat qiladi.

Avtomobillar, qurilish materiallari, to‘qimachilik mahsulotlari va ip-kalava, elektrotexnika tovarlari va elektron hisoblagichlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan yirik kooperatsiya loyihalari jumlasidan.

Tomonlar ikki mamlakat korxonalari va sarmoyadorlari ishtirokida energetika va kon tarmoqlarida, shu jumladan ko‘mir sanoatida yirik infratuzilmaviy loyihalarning amalga oshirilishidan manfaatdor.

Bu boradagi ishlarni tizimli asosda tashkil etish uchun O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot fondi kengaytiriladi, Strategik savdo-iqtisodiy sheriklik bo‘yicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan kompleks dastur hamda Sanoatning ustuvor yo‘nalishlarini rivojlantirish to‘g‘risida bitim qabul qilindi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash doirasida tomonlar mamlakatlarimizning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini birgalikda yetishtirish va yetkazib berishga kelishib oldilar.

Yana bir strategik yo‘nalish – transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish.

– Sa’y-harakatlarimizning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan transport sohasidagi hamkorlikning samaradorligiga bog‘liq, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Muzokaralar davomida yetakchilar “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish borasidagi sa’y-harakatlarni faollashtirishga ahdlashib oldilar. Energetika sohasi ham, xususan, Qambarota GES-1ni birgalikda barpo etish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

– Ushbu megaloyiha, hech shubhasiz, nafaqat O‘zbekiston va Qirg‘izistonning, balki butun mintaqamizning barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Muzokaralarda hududlararo aloqalarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Chegaraoldi viloyatlar rahbarlari kengashining yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazib borish mazkur aloqalarning kengayishiga xizmat qiladi.

– Boshqa hech bir mamlakat bilan bunday noyob muloqot maydoniga o‘xshashi yo‘q, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

O‘sh shahrida rekonstruksiyasi yakuniga yetayotgan O‘zbek musiqali drama teatri qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikning yorqin ramzi bo‘lishi ta’kidlandi.