O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-may kuni Samarqand shahrida o‘tayotgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishida ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari yig‘ilishning yalpi sessiyasida nutq so‘zladi.
– Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining bu yilgi yig‘ilishi qadimiy va betakror Samarqandda o‘tkazilayotganini biz mamlakatimizga, islohotlarimizga yuksak ishonch va e’tibor ifodasi sifatida qabul qilamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
YTTBning bunday yig‘ilishi mamlakatimizda 20 yil oldin bo‘lib o‘tgan edi. Undan beri O‘zbekiston ancha o‘zgargani, iqtisodiyot erkinlashtirilgani, barcha sohalarda keng ko‘lamli yangilanishlar boshlandi va izchil amalga oshirilmoqda.
Ushbu islohotlar dasturini amalga oshirishda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonning strategik hamkorlaridan biri. Uning mamlakatimizdagi loyihalar portfeli 4 milliard yevrodan oshgan. Shundan 3,3 milliard yevrolik loyihalar so‘nggi to‘rt yilda boshlangan.
O‘tgan yil yakuni bilan O‘zbekiston bankning beshta eng asosiy hamkorlari qatoriga kirgan. Yillik investitsiya hajmi bo‘yicha esa uning Markaziy Osiyodagi eng yirik biznes sherigidir.
Davlatimiz rahbari xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikning muhim yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.
Xususiylashtirish va xususiy sektor uchun keng sharoitlar yaratish, infratuzilma, tibbiyot, ta’lim, transport, ekologiya kabi davlat ixtiyoridagi sohalarda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini kengaytirish, “yashil iqtisodiyot”, ayniqsa, “yashil energiya” sohalarini jadal rivojlantirish, ayollar tadbirkorligini yanada qo‘llab-quvvatlash, yangi agrotexnologiyalarni joriy etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash shular jumlasidan.
Davlatimiz rahbari bank bilan hamkorlikda bu sohalarda yangi loyiha va dasturlar amalga oshirilishini ma’lum qildi. Shuningdek, bankni qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikdagi mintaqaviy loyihalarda ishtirok etishga taklif etdi.
– Bugungi xalqaro anjuman Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan mamlakatimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yangi pog‘onaga olib chiqish uchun tarixiy imkoniyat yaratmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilish doirasida O‘zbekiston investitsiya taqdimoti ham o‘tkazilib, biznes sohasida qanday katta imkoniyatlar borligi ko‘rsatib berildi. Bundan tashqari, anjuman sessiyalarida sog‘liqni saqlash, ta’lim, infratuzilma, transport, energetika sohalarida 40 dan ortiq yirik xususiy sheriklik loyihalari taqdimot qilinadi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Samarqand sammiti 18 may kuni yakunlanadi.