Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Tadbir boshida 6 ta yangi korxonani ishga tushirish marosimi bo‘ldi. Qarshi tumanidagi “Omad start”, Qarshi shahridagi “Kitob ip yigiruv”, Dehqonobod tumanidagi “Baxt tekstil”, Shahrisabz shahridagi “Oqsaroy tekstil” va “Pit-stop” korxonalari hamda mebel fabrikasi vakillari videoaloqa orqali majmualar salohiyati haqida axborot berdi.
Davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, yangi korxonalarni rasman ishga tushirdi.
Yig‘ilishda, avvalo, viloyatda energiya ta’minotini yaxshilash choralari ko‘rsatib o‘tildi.
Joriy yilda viloyatda elektr iste’moli 6,9 milliard kilovatt soatni tashkil etib, 310 million kilovatt taqchillik bo‘lishi kutilmoqda. Shu bois, alohida qaror qabul qilinib, bu taqchillikni ortig‘i bilan qoplash bo‘yicha ishlar boshlandi.
Xususan, Nishon va Chiroqchi tumanlarida 3 ta quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Davlat idoralari, korxona va xonadonlarda 76 Megavattli quyosh panellari o‘rnatish imkoniyati bor. Elektr tarmoqlari yangilanib, energiya iste’moli yuqori qurilmalar almashtiriladi. Shuningdek, yiliga 2,2 milliard kilovatt sarflaydigan Qarshi magistral kanalining nasos stansiyalarida 6 chastotali boshqarish vositasi o‘rnatiladi.
Bu orqali shu yilda 50 million kilovatt, kelgusi yildan boshlab yiliga 175 million kilovatt elektr iqtisod qilinadi.
Yig‘ilishdagi asosiy masala sanoatni rivojlantirish, tadbirkorlik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlashga oid bo‘ldi.
So‘nggi besh yilda Qashqadaryoga 10 milliard dollar investitsiya jalb qilingan. Tadbirkorlar soni 2,5 baravar ko‘payib, qo‘shimcha 325 mingta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Ilgari sanoati past bo‘lgan 8 ta tumanda ishlab chiqarish 2-3 baravar oshib, viloyatdagi ulushi 36 foizga yetgan.
2023 yilda viloyatga 1,5 milliard dollar investitsiya jalb qilib, 440 ming aholini daromadli ish bilan ta’minlash belgilangan.
Davlatimiz rahbari bandlik masalasiga alohida e’tibor qaratib, bu boradagi imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.
Xususan, viloyatda 80 ta mahallada 6 mingdan ziyod aholi kasanachilik bilan shug‘ullanadi. O‘zbekiston Prezidentining imzolangan qarori ular uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Jumladan, tadbirkorlarga har bir jalb qilingan kasanachi uchun, 2 million so‘mgacha imtiyozli revolver kredit va 1 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi. Kasanachilarga o‘zini o‘zi band qilib, soliq to‘lamasdan shug‘ullanishga ruxsat etiladi. Kasanachilikka jalb qilingan ehtiyojmand fuqaroga ijtimoiy nafaqa 6 oy davomida to‘lab beriladi. Asbob-uskuna va xomashyo sotib olishga 9 million so‘mgacha subsidiya taqdim etiladi. Kasanachilarni jalb qilgan tadbirkor va klasterlar uchun foyda va aylanma solig‘i, davlat mulki ijarasi 2 baravar kamayadi.
Bular orqali Qashqadaryoda yana 150 ta mahallada qo‘shimcha 20 ming aholini kasanachi qilish mumkinligi qayd etildi.
Mahallalardagi bandlik va ijtimoiy masalalarni hal qilishda klasterlar faol bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Dehqonobod, Yakkabog‘, Shahrisabz va Nishon tumanlarida suv ta’minotini yaxshilab, 10 ming aholini band qilish, Mirishkordagi 5 ming gektarli tabiiy ko‘lda baliq yetishtirishni ko‘paytirish vazifalari aytib o‘tildi.
Sanoat zonalarida bo‘sh turgan maydonlarda 50 ta loyihani amalga oshirib, 2 mingta ish o‘rni yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Shuningdek, joylardagi “o‘sish nuqtalari”ga tadbirkorlarni jalb qilib, qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.
– Har bir tumanda salohiyatni loyihaga, loyihani ish o‘rinlariga aylantirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etilganidek, Shahrisabz, Kitob, Qamashi va Yakkabog‘ tumanlari turizm salohiyatining yarmi ham ishga solinmagan. Buning uchun “Shahrisabz – Qarshi – Samarqand” yo‘nalishiga elektr poyezdi qo‘yib, yo‘lovchi oqimini oshirish vazifasi qo‘yildi. Bu turizm, savdo va servis rivojiga qo‘shimcha turtki bo‘ladi.
Yig‘ilishda viloyat va tuman hokimlari, oqsoqollar, ziyolilar, tadbirkorlar o‘z takliflarini bildirdi.
Shuning bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryoga safari nihoyasiga yetdi.