Prezident hamisha xalq bilan birga

Davlatimiz rahbari Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi Ezgulik mahallasida bo‘lib, aholi hayoti bilan tanishdi.

Bu yerda 26 ta ko‘p qavatli uy bor, 6 mingdan ziyod aholi yashaydi. 

Prezidentimiz mahalla vakillaridan hol-ahvol so‘radi. Nuroniylar o‘tgan sovuq kunlarda xalqimizning va davlat idoralari xizmatchilarining birligi bilan qiyinchilik ortda qoldirilganini aytishdi. Energetika va kommunal xizmatlar 24 soat davomida ishlagan, tezkor choralar ko‘rib borilgan. Xususan, mahalladagi transformator ham yangilangan.

– Bu bizga saboq bo‘lishi kerak. Energetikada 3-4 karra ko‘proq zaxira yaratishimiz zarur. Shuning uchun qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishga e’tibor beryapmiz. U – muqobil, ishonchli va ekologik toza, – dedi davlatimiz rahbari.

Mahallalardagi ustuvor vazifa aholi bandligi va yoshlar tarbiyasi ekani ta’kidlandi. Shu bois ham bu yil yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilindi. O‘quvchilar maktabda ikkita xorijiy til va bitta kasb o‘rganib chiqishi uchun sharoit yaratilmoqda. Xalqimiz bu harakatni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Nuroniylar yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, xalqimizga farovonlik tilab duo qildi.