Prezident boks finalini tomosha qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Humo Arena” sport saroyiga tashrif buyurib, boks bo‘yicha jahon chempionatini tomosha qildi.

Bu nufuzli musobaqada  107 ta mamlakatdan 600 dan ortiq bokschilar ishtirok etdi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi barcha 13 vazn toifasida qatnashdi. Vakillarimiz bugungacha 9 ta medalni naqd qilib bo‘lgan edi.

Davlatimiz rahbari 13 may kuni yurtimiz bokschilari ishtirokidagi final janglarini kuzatdi. Qizg‘in va murosasiz o‘tgan bahslarda Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev qozog‘istonlik Dulat Bekbauovni, Hasanboy Do‘smatov fransiyalik Bilal Bennamani, Bahodir Jalolov kubalik Alexandro Arzolani yengib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. 

G‘oliblarga medallarni Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirdi. Shuningdek, ularga Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) tomonidan ajratilgan mukofot pullari beriladi.

Musobaqaning so‘nggi kunida yana to‘rt nafar bokschimiz ringga chiqadi. Jahon chempionati 14 may kuni yakunlanadi.