2023-yil 22-may kuni Moskva shahrida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari O‘zbekiston-Rossiya kun tartibidagi dolzarb masalalarni atroflicha muhokama qilib, hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollarini belgilab oldilar.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, joriy yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2,4 milliard AQSH dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28 foizga ko‘pdir. Vazirlar iqtisodiy diplomatiyaning yuqori sur’atini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha birgalikdagi chora-tadbirlarni davom ettirishga kelishib oldilar.
O‘zbekiston va Rossiya TIV rahbarlari parlamentlararo muloqotni mustahkamlash, madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish, sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish masalalarini ham ko‘rib chiqdilar.