O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident janoblari!
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda ko‘rsatayotgan yetakchiligingiz va shaxsiy intilishingiz uchun, shu jumladan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik uchun chuqur minnatdorlik bildiraman.
O‘zbekiston bilan iqtisodiyot va energetika masalalarida o‘zaro aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, Sizning mamlakatni siyosiy tizimini modernizatsiya va isloh qilish borasidagi sa’y-harakatlaringizni qo‘llab-quvvatlash AQSH uchun ustuvor ahamiyatga ega.
AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklik chuqurlashib bormoqda va erishilgan yutuqlarni 2023-yilda ham yanada ilgari surishimizga umid bildiraman.
Siz Markaziy Osiyodagi beshta mamlakatning mintaqaviy hamkorligini kengaytirish orqali qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratayotganingizni alohida qayd etmoqchiman.
Bu sa’y-harakatlar Markaziy Osiyoda va uning tashqarisida ravnaq va barqarorlikni ta’minlashga katta hissa qo‘shmoqda.
Bizning sherikligimiz, mana 30 yildirki, BMTning barcha mamlakatlarning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishdek asosiy prinsiplariga rioya qilish asosida rivojlandi.
Ishonchim komilki, ushbu qadriyatlarga mushtarak sodiqligimiz o‘zaro aloqalarimiz uzoq muddatli istiqbolda yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Hurmat bilan,
Jo Bayden