O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarellaning taklifiga binoan 7-9-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Oliy darajadagi uchrashuvlar Rim shahrida bo‘lib o‘tadi. Davlatimiz rahbari Italiya Prezidenti Serjo Mattarella va Bosh vaziri Jorja Meloni bilan muzokaralar o‘tkazadi.
O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni va ustuvor yo‘nalishlardagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston yetakchisi bosh qarorgohi Italiya poytaxtida joylashgan Birlashgan Millatlar Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bosh direktori Syuy Dun’yuy bilan uchrashuv o‘tkazadi. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi hamkorlikning muhim jihatlari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi Milan shahrida bo‘lib o‘tadi – O‘zbekiston Prezidenti Lombardiya viloyati gubernatorini qabul qiladi hamda Italiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazadi.