23-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘shma Hududlar forumining birinchi yig‘ilishi va Ishbilarmonlar kengashining uchrashuvida ishtirok etish uchun Ozarbayjon delegatsiyasi boshchiligida mamlakatimizga kelgan iqtisodiyot vaziri, ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya hamraisi Mikoyil Jabborovni qabul qildi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborov davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Suhbatda avtomobilsozlik, to‘qimachilik va ipakchilik tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari jadal amalga oshirilayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tuzish to‘g‘risida bitim imzolanmoqda. Neft-gaz tarmog‘ida, transport va logistika sohalarida istiqbolli loyihalar tayyorlanmoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlik ko‘lamini, jumladan, amalga oshirilayotgan mahalliylashtirish dasturi doirasida yanada kengaytirish muhim ekani qayd etildi.