MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi to‘g‘risida

2023-yil 14-aprel kuni Samarqand shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi TIV rahbari Baxtiyor Saidov, Armaniston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan, Belarus Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sergey Aleynik, Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Ozarbayjon Respublikasi va Turkmaniston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosarlari Xalaf Xalafov va Vepa Xadjiev hamda MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.

Uchrashuvda Hamdoʻstlik doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada faollashtirish, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan konstruktiv fikr almashildi.

O‘zbekiston tomoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hamdo‘stlik doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlik, sanoat va texnologik kooperatsiya, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha kelgusidagi sa’y-harakatlar muhimligini ta’kidladi. Raqamli transformatsiya, yashil iqtisodiyot, turizm va yoshlarni rivojlantirish boʻyicha yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish dolzarbligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda MDHga aʼzo davlatlarning koʻp bosqichli tashqi ishlar vazirliklari o’rtasida Maslahatlashuvlar rejasi hamda 2022-yilda Hamdoʻstlikka aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi sheriklikni kengaytirish boʻyicha Harakatlar dasturi ijrosi yuzasidan axborot eshitildi.

Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar Hukumatlar rahbarlari kengashi va Davlat rahbarlari kengashi tomonidan ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan hujjatlar, shu jumladan Samarqand shahrini 2024-yilda Hamdo‘stlikning Madaniyat poytaxti, Toshkent shahrini esa MDH Yoshlar poytaxti deb e’lon qilish bo‘yicha hujjatlar loyihalari ko‘rib chiqildi va tasdiqlandi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig’ilishini 2023-yil oktabr oyida Bishkek shahrida (Qirg’iz Respublikasi) o’tkazish to’g’risida qaror qabul qilindi.