2023-yil 14-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyoda Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi (MOPDMM) rahbari Natalya Germanni qabul qildi.
B.Saidov N.Germanni vakolatini muvaffaqiyatli yakunlagani bilan tabriklab, uning rahbarligida MOPDMM mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlash, hamkorlikni mustahkamlash va barqaror rivojlanishga muhim hissa qo‘shganini ta’kidladi.
O‘zbekiston TIV rahbari N.German BMT Xavfsizlik Kengashining Terrorizmga qarshi kurash qo‘mitasi Ijroiya direksiyasi rahbari sifatidagi yangi lavozimida Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlashda davom etishiga umid bildirdi.
N.German o‘z faoliyati davomida Markaziy Osiyoda, xususan, O‘zbekistonda tub o‘zgarishlarning guvohi bo‘lganini ta’kidlab, uning kasbiy faoliyatida har tomonlama yordam bergani uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiq, pragmatik va konstruktiv tashqi siyosatiga yuksak baho berildi. Ta’diklanganidek, mamlakatimiz tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi minataqa mamlakatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish hisoblanadi.
MOPDMM rahbari oʻzining yangi lavozimida Oʻzbekiston bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishga, xatar va tahdidlarga qarshi samarali kurashishda ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqladi.