2023-yil 1-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Indoneziya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Sunario Kartadinatani qabul qildi.
Tomonlar Oʻzbekiston-Indoneziya munosabatlarining bugungi holatini muhokama qilib, hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari yuzasidan fikr almashdilar. BMT va boshqa koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi.
Zamonaviy global chaqiriqlar talablariga javob beradigan oʻzaro hamkorlikning huquqiy bazasini kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida aloqalarni oʻrnatish va kengaytirishga koʻmaklashish, oʻzaro savdo uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvda, shuningdek, 2023-yil va undan keyingi yillarga moʻljallangan ikki tomonlama aloqalar va qoʻshma tadbirlar jadvali kelishib olindi.