2023-yil 17-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining (QBOKB) Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Xans Shodder bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekiston va BMT QBOKB o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sohalardagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Afg‘oniston xalqiga, xususan, Termiz shahridagi Xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabi orqali insonparvarlik yordami ko‘rsatish sohasida yaqin hamkorlikni davom ettirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.
QBOKB vakili insonparvarlik yuklarini nafaqat Afg‘onistonga, balki dunyoning boshqa mamlakatlariga yetkazib berish uchun yaratilgan sharoitlar va ko‘rsatilayotgan doimiy yordam uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi.