2022-yil 19-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (YXHT DIIHB) Ehtiyojlarni baholash missiyasi rahbari Vladimir Misevni qabul qildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish doirasida YXHT DIIHB bilan hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar so‘nggi yillarda O‘zbekistonning DIIHB bilan konstruktiv hamkorligi sezilarli darajada faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Saylovlarni kuzatish byurosining toʻliq miqyosdagi missiyalari parlament (2019-yil) va Prezident saylovlari da (2016 va 2021-yillar) ishtirok etdi.
Ehtiyojlarni baholash missiyasi delegatsiyasiga rejalashtirilgan konstitutsiyaviy islohotning asosiy jihatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Asosiy qonunga kiritilgan o‘zgartishlar “Inson qadri uchun” degan bosh tamoyilni hayotga tatbiq etishga qaratilgani alohida ta’kidlandi. Yangilangan Konstitutsiya O‘zbekistonni uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasining mustahkam huquqiy asosi, kafolatini yaratishi zarurligi ta’kidlandi.
Bo‘lajak referendumda Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari uchun Markaziy saylov komissiyasiga har tomonlama ko‘maklashish, xorijdagi vatandoshlarimizning ovoz berish jarayonida faol ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoit yaratish ustuvor yo‘nalishlar ekanligi qayd etildi.
DIIHB vakillari rejalashtirilgan respublika referendumini milliy qonunchilik va umume’tirof etilgan xalqaro me’yorlarga muvofiq tayyorlash va o‘tkazishda O‘zbekiston tomoni bilan faol hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.