2022-yil 25-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” xalqaro konferensiyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Niklasson bilan uchrashdi.
T.Niklassonning taʼkidlashicha, Yevropa Ittifoqi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda doʻstlik, ishonch va oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha mintaqaviy siyosati va tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi. Buning natijasida mintaqada qisqa muddatda tarixiy o‘zgarishlar ro‘y berdi, oliy darajadagi siyosiy muloqot mustahkamlanib, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalar kengaymoqda.
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimning tasdiqlanganini olqishladilar va ushbu muhim hujjatni imkon qadar tezroq imzolash zarurligini qayd etdilar.
Afg‘onistondagi mavjud vaziyat yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
T.Niklassonning taʼkidlashicha, Bryussel Oʻzbekistonning afgʻon muammosini hal etishdagi siyosiy-diplomatik saʼy-harakatlari va alohida o‘rnini yuqori baholaydi. Yevropa Ittifoqining mintaqaviy kun tartibi boʻyicha Toshkent bilan muntazam muloqotni davom ettirishdan manfaatdorligi maʼlum qilindi.
Yevropa tomoni Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘z vaqtida o‘tkazilganini qayd etdi. Tadbir ishtirokchilarining yuksak saviyasi O‘zbekistonning muhim o‘rni va respublikaning afg‘on muammosini hal etishdagi sa’y-harakatlari e’tirof etilishidan dalolat berishi ta’kidlandi. Tadbir shuningdek, rasmiy Toshkent siyosatining izchilligi, afg‘on zaminida tinchlik o‘rnatishga salmoqli hissa qo‘shishga tayyorligini ko‘rsatadi. Shu nuqtai nazardan, Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xab faoliyatiga yuqori baho berildi.