O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg’oniston bo’yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Afg’oniston bo’yicha Maxsus vakili Yue Syaoyun bilan muzokaralar o’tkazdi.
Suhbat chog’ida O’zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasining Afg’oniston inqirozini tinch yo’l bilan tartibga solish, mamlakatga tez orada gumanitar va boshqa turdagi yordam ko’rsatish bo’yicha sa’y-harakatlari yuzasidan fikr almashinildi.
XXR TIV vakili O’zbekiston Rahbariyatining O’zbekiston-Xitoy muloqotini, shu jumladan Afg’oniston yo’nalishidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirish siyosatini yuqori baholadi.
Tomonlar qayd etganidek, Afg’onistondagi keskin ijtimoiy-gumanitar inqirozni bartaraf etish, bu yerda mustahkam tinchlik va barqarorlikni o’rnatishga ko’maklashish faqat ushbu davlat yangi hukumatiga nisbatan jahon hamjamiyatining mushtarak yondoshuvlarini ishlab chiqish asosidagina amalga oshirilishi mumkin.
Shuningdek, Afg’oniston hududida energetika va transport-logistika sohasida turli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish muhimligi ham ta’kidlandi.
O’zbekiston va XXR maxsus vakillar darajasida Afg’oniston masalasida maslahatlashuvlarni davom ettirishdan o’zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.