O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Vashington shahrida Orolbo’yi mintaqasini qo’llab-quvvatlash uchun mablag’ yig’ish bo’yicha xayriya tadbirida ishtirok etdi.
O’zbekiston Respublikasining AQShdagi Elchixonasi tomonidan «Project C.U.R.E.» xayriya tashkiloti bilan birgalikda tashkil etilgan tadbirda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Amerikaning «Vector Medical Group» (tibbiy asbob-uskunalar yetkazib beruvchi), «Bollore» (aviatsiya logistikasi), «Boeing Company» (aviatsiya, kosmik va harbiy texnika), «Rotary International» (xayriya tashkiloti), «Winn-Marion Companies» (texnologiya kompaniyasi) kabi kompaniyalari vakillari, Amerika-O’zbekiston Savdo palatasi a’zolari, shuningdek AQSH ommaviy axborot vositalari jurnalistlari qatnashdilar.
Tadbir keng Amerika jamoatchiligi, ishbilarmon va akademik doiralarini Orol dengizi zonasidagi ekologik vaziyat, O’zbekiston Rahbariyati tomonidan ekologik falokatning salbiy oqibatlarini yumshatish bo’yicha olib borilayotgan ishlar to’g’risida xabardor qilishga qaratilgan.
Ishtirokchilarning yakdil fikricha, Orol dengizi ekotizimini tiklash va suv resurslaridan oqilona foydalanish Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyoti va atrof-muhitni muhofaza qilishga ko’maklashadi. Bu borada Markaziy Osiyo mamlakatlari, balki butun dunyo hamjamiyatining sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir doirasida O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning «Project C.U.R.E.» Prezidenti Duglas Jekson bilan uchrashuvi bo’lib o’tdi. Muloqot chog’ida navbatdagi gumanitar yuklarni O’zbekistonga yetkazib berish va hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. «Project C.U.R.E.» Orolbo’yi mintaqasidagi vaziyatni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni qo’llab-quvvatlash uchun AQShdan donorlarni jalb qilish bo’yicha sa’y-harakatlarni davom ettirishga tayyorligi ma’lum qilindi. «Moliyalashtirishni o’rganayotgan ko’ngillilarimiz navbatdagi gumanitar yordam konteynerlarini etkazib berish uchun mablag’ yig’ishda davom etmoqdalar», dedi D.Jekson.
«Project C.U.R.E.» rahbari bilan muzokaralar yakunida O’zbekiston ehtiyojlari uchun tibbiy buyumlar bilan 1,5 million dollarlik yangi konteyner jo’natishga kelishib olindi.
Eslatib o’tamiz, ilgari Qoraqalpog’istonga 3 million dollarlik tibbiy asbob-uskunalar va sog’liqni saqlash buyumlari yetkazib berilgan edi. 2022-yil iyul oyida Qoraqalpog’iston tibbiyot muassasalariga berilgan 2,9 ming dona tibbiy buyumlarni o’z ichiga olgan umumiy og’irligi 16,8 tonna bo’lgan yana to’rtta konteyner yetkazib berish tashkil etildi.