2022-yil 12-iyul kuni Moskva shahrida O’zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin bilan uchrashuv o’tkazdi.
Muloqotda so’nggi yillarda O’zbekiston-Rossiya parlamentlararo aloqalar va almashuvlarini salmoqli darajada jadallashtirib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bu ikki mamlakatning strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilayotgani e’tirof etildi.
Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlarining oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirishdagi faol ishtirok etishi hamda parlament diplomatiyasi imkoniyatlaridan kengroq foydalanishning muhimligi qayd etildi.
Tomonlarning xalqaro parlamentlararo tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyorligi ta’kidlandi.
Rossiya tomoni O’zbekistonda Asosiy qonunga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlar, Konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy yo’nalishlari va o’zgarishlar yuzasidan jamoatchilik muhokamasi jarayoni bilan tanishtirildi.