Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida Tog’larni barqaror rivojlantirish bo’yicha yuqori darajadagi yig’ilish bo’lib o’tdi.
Tadbir tashkilotchilaridan biri Qirg’iziston tomoni bo’ldi. Unda BMTga a’zo davlatlar va Tashkilot agentliklari delegatsiyalari ishtirok etdi.
Uchrashuv ishtirokchilari tog’li hududlarning ekotizimlarini yaxshilash, ularda istiqomat qiladigan aholining farovonligini oshirish, muzliklarni saqlash sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
O’z navbatida, O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov o’z nutqida mamlakatimizda tog’li hududlarni rivojlantirish, ular aholisining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini ta’minlash doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdi. “Yashil kun tartibi”ni targ’ib qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlash va tabiiy resurslardan ehtiyotkorlik bilan foydalanish bo’yicha sa’y-harakatlar qayd etildi.
O’zbekistonning tog’ ekotizimini muhofaza qilishning ustuvor yo’nalishlari bo’yicha xalqaro sheriklar bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligi ma’lum qilindi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida taklif etilgan Butunjahon ekologik xartiyasini ishlab chiqish dolzarbligi ta’kidlandi.