2022-yil 30-noyabr kuni tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Furqat Sidiqov Elchi, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi rahbari Sharlott Adrian bilan uchrashdi.
Muloqotda iqtisodiy diplomatiyani mustahkamlash masalalari, xususan, Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida investitsiya, savdo, moliya, kadrlar tayyorlash va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda rivojlantirishning dolzarb yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Yevropalik diplomat 2022-yil 17-18-noyabr kunlari Samarqandda boʻlib oʻtgan vazirlar uchrashuvi hamda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi aloqalar boʻyicha xalqaro konferensiya yakunlarini yuqori baholadi. Sh.Adrian bunday tadbirlar ikki mintaqa oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.
Tomonlar 2021-yil aprel oyida Oʻzbekistonga GSP+ tizimining benefitsiar davlati maqomi berilishi munosabati bilan Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga keng turdagi oʻzbek mahsulotlarini boj toʻlovlarisiz yetkazib berish imkoniyatlari kengayayotganini bildirdi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha iqtisodiy sohada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni taʼminlash maqsadida Tashqi ishlar vazirligi va Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi oʻrtasida muntazam muloqot oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.