Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston-Hindiston savdo-iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

2022-yil 1-dekabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida vazirning birinchi o‘rinbosari Furqat Sidiqov Hindistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Manish Prabxat bilan uchrashdi.

Muloqotda oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi, shuningdek, O‘zbekiston-Hindiston savdo-iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar to‘qimachilik sanoati, farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari, banklararo hamkorlik va boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning amaliy jihatlarini ko‘rib chiqdilar.

Mazkur masalalar yuzasidan O‘zbekiston va Hindistonning tegishli kompaniya va tashkilotlari o‘rtasida yana-da batafsil muzokaralar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Eksport turlarini kengaytirish, ijtimoiy rivojlantirish qo‘shma loyihalarini amalga oshirish masalalari alohida muhokama qilindi.

Ikki tomonlama munosabatlarda ishbilarmonlik muhitini yana-da rivojlantirish, yangi o‘zaro manfaatli va istiqbolli loyihalarni ishlab chiqishga o‘zaro tayyorlik tasdiqlandi.