Slovakiya Elchisi bilan uchrashuv to‘g‘risida

2022-yilning 9-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Slovakiya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Yan Borini mamlakatimizdagi diplomatik missiyasi yakunlayotgani munosabati bilan qabul qildi.

Vazir Slovakiyaning Toshkentdagi diplomatik missiyasiga besh yildan buyon rahbarlik qilib kelayotgan Elchining ikki tomonlama munosabatlarni izchil rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasini yuqori baholadi.

O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish ustuvor ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Tovar ayirboshlashning hozirgi darajasi ikki davlatning mavjud iqtisodiy imkoniyatlari, inson va ishlab chiqarish resurslariga mos kelmaydi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu yo’nalishda muloqotni institutsionallashtirish bo’yicha takliflar ko’rib chiqildi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalari va Slovakiya Milliy kengashi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar “O‘zbekiston – Slovakiya – Yevropa Ittifoqi” va “Vishegrad guruhi + Markaziy Osiyo” formatlarida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini qayd etdi. O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tezroq imzolash zarurligi ta’kidlandi.

Y.Bori, o‘z navbatida, Slovakiyaning O‘zbekistondagi diplomatik missiyasi rahbari sifatidagi faoliyatida har tomonlama yordam bergani uchun minnatdorlik bildirdi.