SHHT Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosiy ustuvorliklari tizimida

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti – eng yosh tuzilmalardan biri, biroq o‘suvchanlik bilan rivojlanib borayotgan xalqaro tashkilot. 15 iyun kuni  SHHT tuzilganiga 21 yil to‘ldi. O‘tgan davr mobaynida ushbu tashkilot maslahat mexanizmi formatidan keng qamrovli davlatlararo birlashmagacha bo‘lgan darajaga yuksaldi.

O‘zbekiston Shanxay Hamkorlik Tashkiloti tashkil etilishida avvalboshdanoq ishtirok etgan, uning izchil rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan va qo‘shishda davom etmoqda. 2021-2022 yillarda mamlakatimiz ushbu nufuzli tashkilotga raislik qilayotir. Shanxay Hamkorlik Tashkilotida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan O‘zbekiston tashabbuslari, ushbu birlashma bilan o‘zaro hamkorlik istiqbollari to‘g‘risida Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov “Dunyo” axborot agentligi muxbiriga so‘zlab berdi.

– Hurmatli Vladimir Imomovich, bizning savollarimizga javob berishga bajonudil rozi bo‘lganingiz uchun Sizga minnatdorlik bildiramiz. Qolaversa, O‘zbekistonning xalqaro hamkorligidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lgan SHHTda Siz 2019-2021 yillar davomida Bosh kotib lavozimida ishlagansiz. Marhamat qilib Shanxay Hamkorlik Tashkiloti bugungi kunda qanday tuzilma ekanligi va uning xalqaro maydonda qanday o‘rin tutayotgani haqidagi fikrlaringizni o‘rtoqlashsingiz…

– Avvalo shuni alohida ta’kidlashni istardimki, nisbatan qisqa davr oralig‘ida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti rivojlanishning uzoq yo‘lini bosib o‘tdi va global siyosiy hamda iqtisodiy  voqelikning ajralmas qismi bo‘lib qoldi.

Bugungi kunda SHHT dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot hisoblanadi. Unga a’zo mamlakatlarning umumiy hududi 34 million kvadrat kilometrdan oshadi. Bu Yevroosiyo qit’asi hududining 60 foizdan ortig‘i, degan gap. SHHT mamlakatlarining umumiy aholisi 3,2 milliard kishini tashkil etadi, bu – dunyo aholisining qariyb yarmidir.

Tashkilot 8 doimiy a’zo davlatni, 4 kuzatuvchi va 9  muloqot bo‘yicha 9 sherik davlatlarni o‘z atrofiga birlashtirgan.

21 mamlakatdan iborat “SHHTning katta oilasi” uch qit’ani – Osiyo, Yevropa va Afrikani qamrab olgan. Shu bilan birga, boshqa mamlakatlarning ushbu tuzilma bilan u yoki bu formatda o‘zaro hamkorlikka bo‘lgan qiziqishi tobora o‘sib bormoqda.

BMT va uning ixtisoslashgan tashkilotlari, ASЕAN, MDH, KXSHT, YEAES, SVMDA, OES singari sherik tashkilotlari tarmog‘i izchil kengayib borayotgani SHHTning xalqaro obro‘-e’tiborini oshiriga ko‘maklashmoqda. Hozirgi paytda Arab davlatlari ligasi va boshqa qator ko‘p tomonlama tuzilmalar bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bugungi kunda SHHT makoni – ulkan xom ashyo zaxiralari, ishlab chiqariladigan mahsulotlar, malakali ishchi kuchi va inson kapitali, texnologik salohiyat mavjudligi nuqtai nazaridan o‘zini o‘zi ta’minlaydigan mintaqa hisoblanadi.

SHHTga a’zo davlatlar iqtisodiyotining umumiy hajmi qariyb 20 trillion AQSH dollarini tashkil etadi, bu esa tashkilot tuzilgan paytdagidan 13 barobarga ko‘p. Tashkilotning makoni dunyodagi eng keng iste’mol bozorini anglatadi. Bugungi kunda SHHT a’zolarining umumiy yalpi ichki mahsuloti umumjahon ko‘rsatkichlarining qariyb ¼ qismiga yetdi. 2030 yilga borib bu raqam  jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 35-40 foizigacha ortishi mumkin.  

SHHT o‘zining amaliy tadbig‘ini kutayotgan ulkan  transport va tranzit salohiyatiga ega. Global ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish sharoitida Yevroosiyoda Sharq-G‘arb va Shimol-Janub yo‘nalishlari bo‘yicha yangi xalqaro temir yo‘l va avtomobil yo‘laklarini yaratish  mohiyatan strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Shuni unutmaslik joizki, SHHT sivilizatsiyalararo muloqot va madaniy–gumanitar hamkorlikni mustahkamlash uchun istiqbolli platforma hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishning dolzarbligi, ayniqsa, dunyoda ishonchsizlik va antagonistik kayfiyatlarning kuchayib borayotgani sharoitida ayniqsa ortayotir.

Har biri boy tarix va noyob madaniy merosga ega bo‘lgan mamlakatlarning bir tashkilot faoliyatida ishtirok etishi  Yevroosiyoda o‘zaro tushunish va hamkorlik ruhini mustahkamlashga ko‘maklashmoqda.

– Yaxshi ma’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mintaqasini O‘zbekiston tashqi siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishi etib belgilagan. Markaziy Osiyo mintaqachiligini mustahkamlashda SHHTning rolini qanday baholaysiz?

– SHHTning paydo bo‘lishi, birinchi navbatda, XX asr oxirida bipolyar tizim barham topganidan so‘ng Markaziy Osiyoda yangi vaziyatning vujudga kelishi, dunyo murakkab muammolari va oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlari bilan yangi yuzyillika kirib kelishi bilan bog‘liq edi.  O‘shanday murakkab davrda Markaziy Osiyodagi yosh mustaqil davlatlarning ko‘p qirrali yangi tahdid va muammolarga qarshi turishida institutsion milliylashgan mintaqaviy hamkorlikka  ehtiyoji ob’ektiv haqiqat edi.

Shu ma’noda SHHTning paydo bo‘lishi Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarning bevosita natijasi bo‘ldi. Shuning uchun SHHTning tashkil etilishi va faoliyatidagi eng muhim  “qo‘shilgan qiymat” birinchi navbatda uning Markaziy Osiyoda barqarorlikni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasidir, deb hisoblash mumkin.

Bu tan olingan va vaqt sinovidan o‘tgan haqiqatdir.

Bugungi kunda SHHTning mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlashdagi salmoqli hissasi kundek ravshan bo‘lib turibdi. Uning  birinchi galda terrorizm, ekstremizm va separatizm tahdidlariga qarshi kurash sohasida erishgan muvaffaqiyatlari ayondir. Aynan SHHT doirasida dunyoda birinchi marta  “terrorizm”  tushunchasini aniqlab bergan ko‘p tomonlama hujjat – SHHTning terrorizm, ekstremizm va separatizm bilan kurashish to‘g‘risidagi Konvensiyasi 2001 yil 15 iyunda ishlab chiqilgan edi.

Qarorgohi Toshkentda joylashgan SHHT Mintaqaviy aksilterror tizimi bu yo‘nalishda izchil ish olib borayotir. Uning muvofiqlashtiruvida “uch yovuz kuch”ning sabablari, manbalari va ko‘rinishlariga barham berish bo‘yicha birgalikdagi samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Muntazam ravishda SHHT aksilterror mashqlari, jumladan, terroristik, ekstremistik va separatistik maqsadlarda Internet tarmog‘idan foydalanishni aniqlash va bartaraf etish hamda narkotiklarga qarshi “O‘rgimchak to‘ri” xalqaro operatsiyasi o‘tkazilmoqda. 

Xavfsizlik kengashlari kotiblari, Mudofaa, ichki ishlar vazirlari va a’zo davlatlarning giyohvandlikka qarshi kurash idoralari rahbarlari yo‘nalishida xavfsizlikning keng qamrovli masalalariga aloqador ko‘p qirrali muntazam muloqot qo‘llab-quvvatlanmoqda. 

Xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu sohada ishchi guruh faoliyat ko‘rsatmoqda, O‘zbekiston tomonining faol ishtirokida Xalqaro axborot xavfsizligi bo‘yicha hamkorlik dasturi tayyorlangan va qabul qilingan.

Shunga qaramasdan, Shanxay Hamkorlik Tashkilotining mintaqada barqarorlikni ta’minlashga qo‘shgan hissasi bu bilan cheklanib qolmaydi.

Tashkilotning amaliy faoliyatida xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish ta’minlanishi  masalalariga o‘zaro bog‘liqlikning asosiy tarkibiy qismlari sifatida qaraladi. Mintaqada barqarorlik va izchil taraqqiyot saqlab qolinishida SHHTning muhim roli ham aynan ana shundadir. 

Mintaqada va uning atrofida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga qaramasdan, 20 yildan ortiq vaqt davomida Markaziy Osiyo SHHTning geografik yadrosi bo‘lib qolmoqda.  Mintaqada barqarorlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash imperativ ahamiyatga molik bo‘lib qolishi va shu sababli ham ushbu vazifalar bundan keyin ham tashkilotning diqqat markazida bo‘lib qolishi kerakligi yuzasidan unga a’zo davlatlar o‘rtasida to‘liq tushunish mavjuddir.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 2021 yili Dushanbeda bo‘lib o‘tgan yubiley sammiti deklaratsiyasida barcha a’zo davlatlar yetakchilari so‘nggi paytlarda Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan mintaqada barqaror rivojlanish hamda ishonch va do‘stlik makonini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladilar, mintaqa mamlakatlarining barqarorligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yanada mustahkamlanishida SHHTning faol rolini kengaytirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladilar. Ular O‘zbekiston Prezidenti tashabbuskorligida yo‘lga qo‘yilgan Markaziy Osiyo mintaqasi davlat rahbarlarining muntazam maslahat uchrashuvlari o‘tkazilishini ham olqishlaydi.

2017 yildan buyon kuzatilayotgan yangi Markaziy Osiyo jarayonining SHHT tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, shubhasiz, mintaqaning o‘zi uchun ham, tashkilot hududining barqarorlik, o‘zaro manfaatli taraqqiyot va samarali hamkorlik makoniga  aylanishi uchun ham juda muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan qaraganda, xalqaro siyosiy so‘zlashuvda nisbatan yaqinda paydo bo‘lgan “Markaziy Osiyo ruhi” atamasi Shanxay Hamkorlik Tashkilotining  doktrinal asosini, ya’ni “Shanxay ruhi”ni mustahkamlaydi va boyitadi, deb hisoblash uchun barcha asoslar mavjuddir.

Mintaqadagi va umuman dunyodagi tez o‘zgaruvchan vaziyat bilan birga tashkilotga a’zolikni kengaytirish umuman olganda SHHT kun tartibiga muayyan tuzatishlar kiritishi  o‘z-o‘zidan ayondir. 

Bu ob’ektiv jarayon, ammo bu tashkilotning  mintaqamizdagi rolini aslo kamaytirmaydi. Haqiqatda esa SHHTning “mas’uliyat zonasi”ga Janubiy Osiyodagi eng yirik davlatlar – Hindiston va Pokistonning qo‘shilishi, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining SHHT orqali Yaqin Sharqqa kengayishining yangi trayektoriyasi mo‘ljallanishi fonida yangi istiqbollar ochilmoqda. U ulkan Yevroosiyo makonida ko‘p tizimli o‘zaro aloqalarni rivojlantirishda o‘zaro manfaatli tashabbuslarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish uchun kuchli ko‘p tomonlama platformaga – transport, infratuzilmalar, energetikadan to “yashil» iqtisodiyot va raqamli transformatsiyagacha bo‘lgan qirralarni qamrab olgan maydonga aylanmoqda. 

– Shu nuqtai nazardan kelib chiqqan holda O‘zbekiston va SHHT o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘zlab berishingizni so‘raymiz…

– Shanxay Hamkorlik Tashkiloti O‘zbekistonning ko‘p tomonlama diplomatiyasi tizimida alohida o‘rin tutadi. Bu ikkita muhim jihat bilan bog‘liqdir.

Birinchidan, mamlakatimiz 1990 yillar o‘rtalarida Xitoy va bir qator sobiq sho‘ro davlatlari (Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston) o‘rtasidagi chegara masalalarini hal qilish uchun yaratilgan «Shanxay beshligi»da ishtirok etmagan bo‘lsa-da, mintaqaviy ahamiyatiga ko‘ra, yuqorida aytib o‘tilgan muloqot platformasini keng ko‘lamli tashkilotga aylantirishda muhim rol o‘ynadi.

Ikkinchidan, O‘zbekiston SHHTning oltita ta’sischi davlatlaridan biri sifatida tashkilotning asosiy tamoyillari va ta’sis hujjatlarini ishlab chiqish, shuningdek, uning institutsional asoslarini yaratish va rivojlantirishda faol ishtirok etdi.

Ushbu tashkilotga a’zo davlatlar mamlakatimizning  eng yaqin qo‘shnilari va strategik sheriklaridir. SHHT doirasida ko‘p qirrali hamkorlik ko‘p tomonlama mintaqaviy va mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlashga hamda ushbu davlatlarning har biri bilan o‘zaro  hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari tizimida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti ochiq, pragmatik va keng ko‘lamli manfaatli hamkorlik yo‘lini amalga oshirish nuqtai nazaridan ko‘p tomonlama platforma sifatida har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega. 

Binobarin, mamlakatimizning SHHTga nisbatan zamonaviy strategiyasi tashabbuskorlik, konstruktivlik, pragmatizm va hamkorlikka ochiqlik kabi asosiy tamoyillarga asoslanadi.

O‘zbekiston, avvalo, barcha ishtirokchi mamlakatlarning hayotiy manfaatlariga javob beradigan istiqbolli yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni oshirish orqali uning evolyutsiyasi yangi sharoitida tashkilotning salohiyatini to‘liq ochib berishdan manfaatdordir.

Davlatimiz rahbari 2017-2021 yillarda o‘tkazilgan SHHT sammitlarida 50 ga yaqin muhim va dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi. Eng muhimi, ushbu takliflar SHHTning «yo‘l xaritalari», me’yoriy-huquqiy, dasturiy va konseptual hujjatlari doirasida, shuningdek, ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi mexanizmlari shaklida izchil amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan tashkilotning 2020 yilgi sammitida bildirilgan «SHHT har birimiz kuchli bo‘lgan taqdirdagina kuchli bo‘ladi» g‘oyasi respublikaning ushbu tuzilmaga xos «Shanxay ruhi»ga muvofiq konstruktiv yondoshuvining mohiyatini to‘liq ochib beradi.

Bundan tashqari, o‘tgan yilgi Dushanbe sammitida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston Prezidenti SHHTga raislikning ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etgani holda tashabbuskorlik va ochiqlik yo‘nalishini yaqqol namoyon etdi. Ushbu tashabbuslar mamlakatimiz ichki taraqqiyotining asosiy vazifalari va xalqaro hamkorlik sohasidagi manfaatlarini aks ettirishi bilan birga SHHTni rivojlantirishning yangi bosqichida maqsad va vazifalarni muvaffaqiyat bilan birlashtiradi.

Mintaqalararo savdo, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiya, «yashil» va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishlarda ko‘p tomonlama hamkorlikni faollashtirish orqali SHHT salohiyatini yanada mustahkamlash shular jumlasidandir.
Shuningdek, «Shanxay ruhi»ni xalq diplomatiyasi, turizm, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, yangi madaniy-gumanitar tashabbuslar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kabag‘allikni qisqartirish, o‘simliklar karantini, SHHTning global mavqeini mustahkamlash va uning xalqaro aloqalarini kengaytirish kabi istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikning yangi yo‘llari va formatlarini ilgari surish orqali SHHT kun tartibini boyitish vositalari orqali amalga oshirish muhimdir.

– O‘zbekistonning tashkilotga raisligidagi vazifa va tashabbuslarni batafsil tushuntirib bersangiz?

– Albatta, men yuqorida aytgan hamma gaplar deklarativ bayonotlar emas, balki ular aniq harakatlar bilan tavsiflanadi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining SHHTga  raisligi rejasida 80 dan ortiq yirik tadbirlar nazarda tutilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar ularning yarmidan ko‘pi amalga oshirildi. Ushbu tadbirlar nafaqat SHHTda o‘rnatilgan hamkorlik yo‘nalishlarini, balki mintaqalararo savdo, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar, kambag‘allikni qisqartirish, raqamli transformatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish kabi yangi sohalarni ham qamrab oladi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston tomoni SHHTga raisligi doirasida hamkorlikning bir qator yangi yo‘nalishlarini ishga solib, uning kun tartibini zamonaviy voqelikni hisobga olgan holda boyitishga hissa qo‘shdi.

SHHT tadbirlarini tashkil etishda yangicha yondoshuv va formatlar joriy qilindi. Ular nafaqat Toshkent shahrida, balki viloyatlarda ham o‘tkazilmoqda. Bu esa SHHTdagi hamkorlarimizga mintaqalarmizda mavjud bo‘lgan o‘zaro hamkorlik salohiyati bilan yaqindan tanishish imkonini bermoqda. Shu tariqa Nukus, Buxoro va Farg‘ona shaharlarida SHHT Milliy koordinatorlari kengashining majlislari tashkil etildi. Xivada SHHTga a’zo davlatlar transport vazirlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi (2022 yil 12 may) va Buxoroda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazildi (26-27 may 2022 yil). Joriy yil avgust oyida Samarqandda ham bir qator tadbirlarning o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bir vaqtning o‘zida vazirlarning uchrashuv va yig‘ilishlari, muayyan mavzuni qamrab olgan forum va konferensiyalar ham o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston raisligida SHHT Xalq diplomatiyasi forumi (2022 yil 11-12 may), Sayyohlik forumi (2022 yil 20 may), An’anaviy tabobat forumi (2022 yil 7 iyun), tashkilotga a’zo mamlakatlarning yosh iste’dodlar o‘rtasida eng yaxshi startap loyihalari tanlovi kabi yirik tadbirlarni o‘tkazish tashabbuslari ilgari surildi va allaqachon amalga oshirildi.

Ushbu platformalarning barchasi dolzarb kun tartibi bilan to‘ldirilgan. Ular bo‘yicha muhim shartnomalar tuzildi, bundan keyingi qo‘shma rejalar kelishib olindi – bularning barchasi  SHHTga a’zo davlatlar iqtisodiyotining pandemiyadan keyingi tiklanishi sharoitida ayniqsa muhimdir. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston tomoni joriy etgan format amaliy natijalarga erishish va mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari vakillari uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etadi.

Albatta, O‘zbekiston raisligining asosiy yo‘nalishi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti bugungi kun tartibining mazmun-mohiyatiga qaratilgan.

Davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekiston raisligi davrida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida 14 ta yangi konseptual hujjatlar loyihasi ishlab chiqildi. Ular SHHT doirasidagi hamkorlik sohalarini mazmunan boyitish va institutsional kengaytirishga qaratilgan.

Transport bog‘liqligini rivojlantirish bo‘yicha SHHT strategiyasi, Mintaqalararo savdoni rivojlantirish rejasi, Infratuzilmani rivojlantirish dasturi, «SHHT Ezgu niyat elchisi»  institutini tashkil etish kabi SHHT amaliyoti uchun yangi hujjatlar loyihalarini alohida ta’kidlash zarur.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan barcha tashabbuslar mantiqan o‘zaro bog‘liq va bir-birini to‘ldiradi. Masalan, ichki savdoni rivojlantirish orqali savdo to‘siqlarini bartaraf etish, texnik reglamentlarning yaqinlashishiga va bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirishga erishish mumkin. O‘zbekiston raisligi davrida shu va boshqa masalalar nafaqat vazirlar darajasidagi uchrashuv va yig‘ilishlar kun tartibida aks etgan, balki ular SHHTga a’zo davlatlar ishbilarmon doiralari ishtirokidagi SHHT Iqtisodiy forumi, Sanoat yangiliklari haftaligi, Mintaqalar rahbarlari forumi, Sanoat kooperatsiyasi forumi, «Quyoshli O‘zbekiston» meva-sabzavotlari ko‘rgazmasi kabi qator yirik tematik tadbirlar doirasida ham muhokama qilinadi.

Samarqand viloyatida tashkil etilayotgan «O‘zbekiston–SHHT» sanoat zonasi haqiqatan ham innovatsion loyihadir. Ushbu platforma O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan SHHT mamlakatlari ishbilarmon doiralari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish dasturini amalga oshirishning samarali mexanizmiga aylangani holda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish uchun  investitsiyalar, texnologik va innovatsion yechimlarni jalb qilishga imkon beradi.

O‘z navbatida, SHHT doirasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha Toshkent tomonidan faol ilgari surilgan tashabbuslar tashkilotning keng hududida ulkan transport va tranzit salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgan.

Ushbu sa’y-harakatlar orqali O‘zbekiston o‘z hamkorlari bilan birgalikda SHHT imkoniyalaridan foydalangan holda «O‘zbekiston–Qirg‘iziston–Xitoy», «Termiz–Mozori-Sharif-Kobul–Peshovar», «Lanchjou–Qashqar–Irkeshtam–O‘sh–Andijon-Toshkent-Mari» va hozirgi geoiqtisodiy sharoitda o‘ziga xos strategik ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa transport yo‘laklarini amaliyotga tadbiq etishni jadallashtirish niyatida.

O‘zbekistonning SHHT makonidagi o‘zaro bog‘liqlik strategiyasi Afg‘onistonning butun Yevroosiyo uchun noyob iqtisodiy va tranzit rolini tiklashga ham xizmat qiladi.

Afg‘oniston mintaqada uzoq muddatli xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning asosiy omili ekanligiga shubha yo‘q. Afsuski, dunyoda yuz berayotgan so‘nggi voqealar tufayli xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistonga bo‘lgan e’tibori biroz susaydi. Afg‘on xalqining fojeasi, agar ular gumanitar falokat bilan yolg‘iz qolsa, qochqinlarning yangi oqimlari, giyohvand moddalar tahdidining ko‘payishi va terrorizmning kuchayishiga olib kelishi mumkin.

SHHTning biron-bir davlati Yevroosiyo markazida beqarorlik o‘chog‘ining yanada rivojlanishidan va Afg‘oniston hududidan qo‘shni davlatlar xavfsizligiga kelib chiqadigan tahdiddan manfaatdor emas. Bugungi voqelik tashkilotimizdan yanada aniq harakatlarni amalga oshirishni va Afg‘onistonni mintaqaviy tashabbuslarga, shu jumladan, infratuzilma loyihalariga jalb qilishni talab qiladi.

Shu bois SHHT doirasida Afg‘onistonning urushdan keyingi rivojlanish strategiyasiga doir konsolidatsiyalashgan yondoshuvlarni ishlab chiqish, tabiiyki, mamlakatimizning tashkilotga raisligidagi asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biridir.

Muxtasar qilib aytganda, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan belgilangan SHHTga raislikning asosiy ustuvor yo‘nalishlari barcha tomonlarning manfaatlariga to‘la javob beradi. Eng muhimi, ushbu yo‘nalishlar SHHT makonida xavfsizlik, barqaror rivojlanish, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan.

– Ma’lumki, joriy yil O‘zbekiston SHHT raisi sifatida tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari sammitiga mezbonlik qiladi. Bilishimizcha, ushbu uchrashuv shu yilning sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadi. Ushbu sammitga tayyorgarlik ishlari  va bo‘lajak tadbirlarning ahamiyati haqidagi fikrlaringizni o‘rtoqlashsangiz…

– To‘g‘ri, O‘zbekistonning Shanxay Hamkorlik Tashkilotidagi raisligining asosiy voqeasi – Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishi tobora yaqinlashmoqda. Unda tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan mustahkam huquqiy va konseptual hujjatlar to‘plami imzolanishi shubhasiz.

Albatta, Sammitning Samarqandda o‘tkazilishida ham chuqur ma’no bor. Ushbu kent qadimdan tarixiy uchrashuvlar va sivilizatsiyalashgan muloqotlar maskani, madaniy-gumanitar o‘zaro bog‘liqlik va xalqaro savdoni rivojlantirish, yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash ko‘prigi bo‘lib kelgan.

Yangi O‘zbekistonning faol diplomatiyasida Samarqand mamlakatimizning eng muhim xalqaro tashabbuslarini ilgari surish uchun noyob platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. So‘nggi yillarda shaharda «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik» mazusidagi xalqaro konferensiya (2017), Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi (2018), Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi (2020) va boshqa qator yirik forumlar muvafaqqiyatli o‘tkazildi.

BMT Bosh kotibining maxsus vakili va BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German ta’kidlaganidek, ushbu platformalardan olingan turtki SHHT makonining jo‘g‘rofiy o‘qi bo‘lgan Markaziy Osiyoda hamkorlikning yangi formatlarini shakllanishiga xizmat qilgani holda yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va ochiqlik muhitida mintaqaviy  hamda global rivojlanishning dolzarb masalalari muhokamasini ko‘zda tutadigan «Samarqand ruhi»da o‘zining yaqqol ifodasini topgan. 

Samarqandning noyob merosi va uning yangi bunyodkorlik qudrati SHHTning ishonch, o‘zaro manfaat, tenglik, madaniyatlar xilma-xilligiga hurmat bilan yondoshish va mushtarak taraqqiyot tamoyillariga to‘la mos keladi.

Bugun, sammit arafasida Buyuk Ipak yo‘lining «marvaridi» bo‘lgan Samarqand shahri keng ko‘lamli bunyodkorlik markaziga aylandi va Yevroosiyo makonidagi yilning eng yirik siyosiy va diplomatik forumini o‘tkazishga tayyordir.

Samarqand sammitida davlat rahbarlari zamonaviy xalqaro munosabatlarni chuqur o‘zgartirish nuqtai nazaridan SHHT oldida turgan yangi tahdidlar va vazifalarni muhokama qiladilar, tashkilotni yanada rivojlantirish uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan qator muhim qarorlarni qabul qiladilar.

Sammit kun tartibidagi asosiy masalalardan biri SHHTni yanada kengaytirish hisoblanadi. SHHTga a’zo davlat maqomini olish uchun Eron Islom Respublikasining majburiyatlari to‘g‘risidagi Memorandum  imzolashga tayyor. Hujjat amalda ushbu yirik Yaqin Sharq mamlakatining bizning tashkilotimizga to‘liq a’zo bo‘lishiga yo‘l ochadi.

Bundan tashri, SHHT faoliyatida to‘laqonli a’zo, kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sheriklar maqomida ishtirok etish uchun taqdim etilgan 10 ga yaqin mamlakatlarning arizalari ko‘rib chiqiladi.

Sammit maydonida SHHT va Arab davlatlari ligasi, YUNЕSKO,  ESKATO va  boshqa bir qator xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha Memorandumlar imzolanishi ham kutilmoqda.

Shu asnoda O‘zbekiston raisligida bo‘lajak sammit «Shanxay sakkizligi» rahbarlarining mintaqaviy va global ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qilishlari uchun samarali platforma yaratib berishi alohida ahamiyatga ega.

Bularning barchasi Samarqand sammiti SHHTning uchinchi o‘n yillikka kirishini munosib belgilagani holda uning rivojlanishida yangi bosqich ochishiga ishonch uyg‘otadi.

-Hurmatli Vladimir Imamovich,  bizga vaqt ajratganingiz  va mazmunli suhbatingiz uchun minnatdorlik bildiramiz! 

– Rahmat.