9-noyabr kuni Toshkent shahrida Olimpiya shaharchasi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida barchani ushbu tarixiy voqea bilan tabriklab, loyihaning ahamiyati haqida gapirdi.
– Bizning o‘z yo‘limiz, niyatlarimiz, rejalarimiz bor. Bugun qilayotgan tarixiy ishlarimiz o‘zining katta natijasini berishiga ishonamiz. Ana shu ishonch bizga kuch-qudrat beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mamlakatimizda sportni ommalashtirish, sportchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi besh yilda sport sohasiga qariyb 4 trillion so‘m yo‘naltirilib, 118 ta yirik inshoot foydalanishga topshirildi va 110 tasi rekonstruksiya qilindi.
E’tibor va sharoit natijasida joriy yilning o‘zida sportchilarimiz turli xalqaro musobaqalarda 1 mingdan ziyod medalni qo‘lga kiritdi. Jumladan, Hindistonning Chennay shahrida o‘tgan shaxmat olimpiadasida milliy terma jamoamiz birinchi o‘rinni egalladi. Turkiyaning Ko‘nyo shahrida bo‘lgan Islom birdamligi o‘yinlarida esa vakillarimiz jami 158 ta medal bilan umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni oldi.
Bunday natijalar tufayli sportchilarimizga dunyo tan berib, nufuzli xalqaro musobaqalarni o‘tkazish O‘zbekistonga ishonib topshirilmoqda. 2021-yili Toshkentda og‘ir atletika bo‘yicha, bu yil dzyudo bo‘yicha jahon chempionatlari yuqori saviyada tashkil etildi. Kelgusi yilda yurtimiz boks bo‘yicha jahon chempionati hamda qit’a miqyosidagi ko‘plab turnirlarga mezbonlik qiladi.
Kutilayotgan anjumanlardan eng nufuzlisi Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlaridir. Bu musobaqalar 2025-yilda Toshkentda o‘tkaziladi. Unda qit’amizdagi 45 mamlakat yoshlari 20 ga yaqin sport turi bo‘yicha bellashadi.
Aytish joizki, bunday nufuzli xalqaro musobaqa O‘zbekiston tarixida birinchi marta tashkil etiladi. Uni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida zamonaviy Olimpiya shaharchasini qurish loyihasi ishlab chiqildi. Davlatimiz rahbari bu loyiha bilan bir necha bor tanishib, ko‘rsatmalar bergan edi. Bu tavsiyalar bosh loyihachi – Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi bilan takomilga yetkazildi.
– Olimpiya shaharchasi xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyati va o‘zbek sportining olamshumul yutuqlari ramziga aylanishiga ishonaman. Bu maskan me’moriy jihatdan mukammal, energiya tejamkor va eng ilg‘or innovatsion yechimlarni mujassam qilgan zamonaviy majmua bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ushbu loyihaning qiymati 289 million dollardan ziyod. Shaharcha maydoni 100 gektar. Bu yerda 10 ming o‘rinli yengil atletika va futbol stadioni, 6 ta yopiq va 7 ta ochiq sport inshootlari, suv sporti saroyi, velotrek, yakkakurash, jamoaviy sport majmualari barpo etiladi.
– Agar shonli tariximizga nazar solsak, ota-bobolarimiz kelgusi avlodlar uchun ulug‘vor imoratlar barpo etganiga guvoh bo‘lamiz. Biz ham ajdodlarimizning mana shunday ezgu an’analarini munosib davom ettirib, mamlakatimizda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirmoqdamiz. Albatta, bunday yirik loyihalar ko‘pchilikning birgalikdagi sa’y-harakati, mehnatkash xalqimizning faol ishtiroki bilan yuzaga chiqadi, – deya ta’kidladi Prezident.
Shuni ham aytish kerakki, majmua musobaqalardan so‘ng bo‘shab qolmaydi. Keyinchalik bu yerda Sportni rivojlantirish vazirligi, sport federatsiyalari va O‘zbekiston davlat sport akademiyasi faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Majmualarda yurtdoshlarimiz ham sport bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi.
Tadbirda taniqli sportchilar, federatsiyalar rahbarlari, soha faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari jam bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Olimpiya shaharchasi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.
– Mamlakatimizda hamma sohalarda loyihalar, imoratlar ko‘payyapti. Bularning zamirida buyuk xalqimizning buyuk mehnati yotibdi, buyuk xalqimizning niyati, ertangi kunga ishonchi yotibdi. Xudo xohlasa, bunday loyihalar yana ko‘p bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Marosimda Osiyo Olimpiya kengashi bosh direktori Husayn al-Musallam, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Rashid, “CAMC Engineering” kompaniyasi bosh direktori Li Xaysin, O‘zbekiston sport tashkilotlari faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov va yosh sportchilar so‘zga chiqib, shaharchaning bo‘lajak sharoitlari va ahamiyati haqida gapirdi.