Davlatimiz rahbari ta’lim ko‘rgazmasi doirasida bir guruh maktab o‘qituvchilari bilan uchrashdi.
Shavkat Mirziyoyev prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridayoq yurtimizdagi muammolardan biri sifatida kadrlar masalasini ko‘rsatgan edi. So‘nggi yillarda qaysi sohada islohotlar, ulkan loyihalar bo‘lmasin, albatta, unga mos mutaxassislar tayyorlash ham kun tartibiga chiqadi.
– Hamma sa’y-harakatlarimiz tagida ta’lim bor. Qaysi hududga borsam, yoshlar bilan, katta-katta korxonalardagi ishchilar bilan suhbatlashaman. Ulardan «Sizni nima qiynaydi» deb so‘rasam, bilim yetishmasligini aytadi. Rivojlangan davlatlar bugungi iqtisodiyotiga qanday erishgan? Bilim evaziga! Shuning uchun avvalboshdan ta’limni yaxshilashga harakat qilyapmiz. 2023-yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nom berdik. Endi maktablarimizga mutlaqo yangi muhit va sifat kirib kelishi kerak, – dedi Prezident.
Ma’lumki, mamlakatimizda ijtimoiy davlat qurilmoqda. Keyingi yillarda yuzlab yangi maktablar qurildi, 500 ming o‘quvchi uchun qo‘shimcha o‘rinlar yaratildi, 7 mingdan ortiq zamonaviy kompyuter xonalari tashkil etildi.
Sharoit bilan birga ta’limning mazmunini, metodologiyani o‘zgartirish choralari ko‘rilmoqda. Birinchi bosqichda boshlang‘ich sinf darsliklari yangilanmoqda.
Davlatimiz rahbari bu ishlar maktab ta’limi bo‘yicha umumiy strategiyaning bir qismi ekani, sifat va samaradorlik ko‘p jihatdan o‘qituvchiga bog‘liqligini ta’kidladi.
– Men nima uchun o‘qituvchining jamiyatdagi obro‘si va mavqeini oshirish kerak, deb ko‘p gapiraman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Chunki bolalarimiz qalbining chinakam me’mori, muhandisi o‘qituvchilardir. Shuning uchun pedagoglarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Ularni darsdan boshqa ishlarga jalb etish – bu davlatga, kelajakka xiyonat, deb baholanishi kerak. O‘qituvchiga hurmatsizlik – bu xalqimizga, jamiyatimizga hurmatsizlikdir.
Prezident Konstitutsiya va qonunlarda o‘qituvchining maqomi, huquq va manfaatlarini aniq belgilash zarurligini yana bir bor ta’kidladi.
– Shunday jamiyat qurishimiz kerakki, o‘qituvchilik eng obro‘li kasb bo‘lishi lozim! Bu yo‘lda biz, avvalo, o‘z hayotini yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishlagan ming-minglab ustoz va murabbiylarga tayanamiz! Ustozlarni e’zozlagan jamiyat hech qachon kam bo‘lmaydi, o‘z maqsadlariga albatta yetadi. Bir haqiqatni hech qachon unutmanglar: xalqimiz o‘z kelajagini sizlarga ishonib topshirgan. Kelajagimiz qanday bo‘lishi avvalo sizlarga bog‘liq. Bu yo‘lda Prezident sizlarni doimo qo‘llab-quvvatlaydi, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Yoshlar ta’lim-tarbiyasida ota-onalar mas’uliyatini oshirish muhimligi qayd etildi.
Muloqotda o‘qituvchilar pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, maktablarga xorijiy til egalarini jalb qilish, yoshlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirdi.
So‘zining yakunida davlatimiz rahbari o‘qituvchilarni kirib kelayotgan yangi 2023-yil bilan tabriklab, sharafli va mas’uliyatli faoliyatida kuch-g‘ayrat tiladi.