Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 10-iyun kuni qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash barcha ishlarda ustuvor tamoyil etib belgilangan. Odamlarning yaxshi yashashi uchun eng zarur manbalardan biri esa bu energiya. So‘nggi yillardagi islohotlar natijasida bu sohadagi uzilishlar ancha kamaydi. Lekin, kuz-qish mavsumida aholining energiyaga bo‘lgan ehtiyoji keskin oshishi sababli barcha og‘irlik elektr tarmoqlariga tushmoqda.
Bugungi kunda yurtimizda 2-3 milliard kilovatt soat elektr energiyasiga qo‘shimcha talab bor. Kelgusi besh yilda esa bu ehtiyoj 10 milliard kilovatt soatga oshishi kutilmoqda.
Bunday vaziyatda eng samarali yo‘l uy, korxona, bog‘cha, maktab va shifoxonalarda muqobil energiyadan foydalanishni ko‘paytirishdir.
Shu bois yig‘ilishda qayta tiklanuvchi energiya uskunalarini keng joriy etish, bu borada aholini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.
– Bugungi masala umummilliy ahamiyatga ega. Bu ishlarni avvalambor o‘zimizdan boshlashimiz kerak. Har bir hokim, vazir, barcha darajadagi rahbarlar shaxsiy namuna ko‘rsatib, o‘z uyi, ishxonasida muqobil energiya uskunasini o‘rnatishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu borada aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi tizim belgilandi. Ushbu tizimga ko‘ra, har bir o‘rnatilgan quyosh va shamol elektr uskunasi uchun, quvvatiga qarab, 15 million so‘mgacha, suv isitish qurilmasi uchun esa 2 million so‘mgacha kompensatsiya to‘lanadi. Yoki uskuna qiymatini 3 yil ichida foizsiz, bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Masalan, bir oila suv isitish uchun bir oyda o‘rtacha 195 ming so‘m xarajat qiladi, deylik. Endi ular 6 million so‘m evaziga 200 litrli quyosh qurilmasi o‘rnatsa, davlatdan 2 million so‘m kompensatsiya oladi. Bunda har oy ketgan xarajat iqtisod bo‘lishi hisobiga, suv isitish qurilmasi 21 oyda pulini oqlaydi va “yonga qoladi”.
Agar, oila kompensatsiyani emas, bo‘lib-bo‘lib to‘lashni tanlasa, oylik to‘lov 170 ming so‘m bo‘ladi. Ya’ni, hozirgi to‘lovidan ham kam bo‘ladi va uch yildan keyin issiq suv uchun umuman xarajat qilmaydi.
Yana bir qulay tomoni, odamlar buning uchun biron-bir idoraga borib yurmaydi. Hamma hujjatlar uskuna xarid qilinadigan joyning o‘zida hal etib beriladi. Bu tizim Energetika vazirligining maxsus jamg‘armasi orqali joriy etiladi.
Davlatimiz rahbari barcha jarayonlarni raqamlashtirib, ushbu yangi tizimni 1-sentabrdan yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Alohida e’tibor ehtiyojmand oilalar, olis va chekka hududlarni shunday energiya manbalari bilan ta’minlash masalasiga qaratildi. “Yangi O‘zbekiston” massivlarida qurilayotgan ko‘p qavatli uylar, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida ko‘cha chiroqlariga muqobil energiya uskunalari o‘rnatish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda joylardagi ijobiy tajribalar ham ko‘rsatib o‘tildi.
Misol uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanidagi 3-maktab-internatda 12 kilovatt quvvatli quyosh panellari va 1 tonna suvni isitish uskunalari o‘rnatilgan. Natijada ushbu muassasa yiliga 30 million so‘mlik elektr energiyasi va tabiiy gaz iqtisod qilmoqda.
Mendeleyev nomidagi kimyo-texnologiya universitetida ham quyoshdan quvvat oluvchi 100 kilovattli uskuna va 36 ta suv isitish qurilmasi o‘rnatilgan bo‘lib, yiliga qariyb 2 milliard so‘mlik elektr energiyasi tejalmoqda.
Bunday ishlarni ommalashtirib, maktabgacha ta’lim muassasalari, maktab, tibbiyot va boshqa ijtimoiy ob’ektlarda bosqichma-bosqich muqobil energiya uskunalari o‘rnatish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, 2023-yildan savdo va ko‘ngilochar majmualar, restoran, mehmonxona, yoqilg‘i quyish shoxobchalari, aeroport, vokzal, tijorat banklari kabi ko‘plab binolarda issiq suv ta’minoti va tashqi yoritishning bir qismini muqobil energiya hisobidan qoplash talabi kiritiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, bir yilda O‘zbekistonda 10 milliard dollarlik elektr va gaz iste’mol qilinadi. Misol uchun, o‘tgan yili energiya resurslariga Suv xo‘jaligi vazirligi 3 trillion so‘m, xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash tizimlari 200 milliard so‘mdan budjet mablag‘larini sarflagan.
Prezident barcha vazirlik va idora, hokimlik, mahalla binolarini ham muqobil energiyaga o‘tkazish vaqti kelganini ta’kidladi.
Shu bois Moliya vazirligiga davlat idoralarida energiya resurslari iste’moli bo‘yicha me’yorlarni belgilash, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy ob’ektlarda Energiya tejamkorlik milliy dasturini ishlab chiqish topshirildi.
Bundan buyon muqobil energiya qurilmalariga talab oshishini hisobga olib, ularni ishlab chiqarishni ko‘paytirish zarurligi qayd etildi.
Xalqimizni qo‘shimcha energiya bilan ta’minlashning yana bir manbasi gidroelektr stansiyalaridir. Bu quvvatni oshirish uchun hududlarda mikro va kichik gidroelektr stansiyalariga mos maydonlar belgilanib, jami 56 Megavattli 200 ta loyiha ishlab chiqilgan.
Davlatimiz rahbari ular bo‘yicha xususiy sheriklik loyihalarini boshlash kerakligini ta’kidladi. Bunda tadbirkorlar uchun jozibador tariflar belgilanadi hamda yer uchastkasi auksion g‘olibiga uzoq muddatli ijaraga beriladi. Quyosh, shamol va mikroGESlarning ortiqcha elektr energiyasi kamida 10 yil davomida davlat tomonidan kafolatli xarid qilinadi.
Yig‘ilishda mutasaddi rahbarlar va tadbirkorlar kun tartibidagi masalaning ahamiyatini ta’kidlab, o‘z tizimidagi rejalarni bayon etdi.