2022-yilning 2-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Polsha Taraqqiyot va texnologiyalar vazirligi davlat kotibi, hukumatning xorijiy investitsiyalar bo‘yicha vakolatli vakili, Iqtisodiy hamkorlik bo’yicha komissiya Hukumatlararo komissiya hamraisi bilan Gjegoj Pexovyak muzokaralar o‘tkazdi.
Savdo-iqtisodiy sohadagi sheriklikni yanada kengaytirish, O‘zbekiston bozoriga Polsha sarmoyalari va eng yangi texnologiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.
2022-yilning yanvar-sentabr oylarida tovar ayirboshlash hajmi 42 foizga, so‘nggi uch yilda esa O‘zbekistonda Polsha kapitali ishtirokida tashkil etilgan qo‘shma korxonalar soni ikki barobarga oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tomonlar iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish, xususan, O‘zbekiston-Polsha hukumatlararo komissiyasi doirasidagi qo‘shma ishlarni davom ettirishga o‘zaro tayyor ekanliklarini tasdiqladilar. Shu nuqtayi nazardan, kelgusi yilda Komissiya yig‘ilishi va biznes-forum o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.
To‘qimachilik va raqamlashtirish sohasida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.