O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi

16-noyabr kuni “Ko‘ksaroy” qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida davlatimiz rahbari huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, «Suez», «Calik Holding», «Cengiz Enerji», «Halyk Bank», «VEON Group», «TBC Bank», Abu-Dabi taraqqiyot fondi, «ACWA Power», «Zeppelin International AG», «EDF», «AME International», «CNH Industrial», «Youngone Corporation», «Procter & Gamble», «Mitsui», «Sojitz Generation DMCC», «KIA Motors», «General Electric», «John Deere», «Silverleafe», «Knauf», «White&Case» kabi yetakchi kompaniya va banklar rahbarlari, shuningdek, xalqaro moliyaviy institutlar – Jahon banki, Xalqaro moliyaviy korporatsiya, Osiyo taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot banki vakillari ishtirok etdi.

Xorijiy investorlar kengashi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-noyabrdagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy vazifasi ilg‘or jahon tajribasi va amaliyotlariga tayangan holda O‘zbekiston hukumatiga mamlakatni investitsiyaviy, sanoat-texnologik va innovatsion rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha maslahatlar berishdan iborat.

Ushbu maslahat organining birinchi sessiyasida uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, mamlakatimizda ustuvor yo‘nalishlarda aniq kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida global miqyosdagi inqirozli hodisalar sharoitida, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan yaqin hamkorlikka bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgan vaziyatda bugungi yig‘ilish alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, milliy iqtisodiyotimizning ochiqligini ta’minlash va uning xalqaro bozorlarga integratsiyasi uchun zarur sharoitlar yaratish ushbu yangilanishlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olingani qayd etildi.

Jumladan, valyuta bozori erkinlashtirildi, xususiy investorlarga energetika, geologiya-qidiruv, kimyo va neft kimyosi, tibbiyot va ta’lim kabi sohalarda faoliyat yuritish imkoniyatlari kengaytirildi.

Xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha inqilobiy qarorlar qabul qilindi. Bu sohada ikki yuzdan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. Tadbirkorlikning soliq yuki qisqartirildi, xorijiy investitsiyalar uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratilmoqda.

Natijada, pandemiya va tashqi bozorlardagi og‘ir vaziyatga qaramasdan, iqtisodiy o‘sishning ijobiy dinamikasi saqlab qolindi va davom ettirilmoqda. So‘nggi 5 yilda iqtisodiyotimizga kirib kelgan xorijiy investitsiyalar hajmi 10 baravar oshib, qariyb 40 milliard dollarni tashkil etdi.

Prezidentimiz, eng avvalo, sanoat sohalarini modernizatsiya va transformatsiya qilish, ishlab chiqarish, kommunal va transport infratuzilmasini jadal rivojlantirishga yanada ko‘proq investitsiyalarni yo‘naltirish uchun aniq loyiha va dasturlar ishlab chiqilganini ko‘rsatib o‘tdi.

O‘zbekiston yetakchisi kengash doirasidagi faoliyatning bosh maqsad-vazifalarni hamda xorijiy investorlar bilan sheriklikni yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Bu, eng avvalo, investorlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash va himoya qilish kafolatlarini mustahkamlashdir. Shu ma’noda davlatimiz rahbari kengash huzurida Investorlarning huquqlarini himoya qilish qo‘mitasini tuzishni taklif etdi.

O‘zbekiston bank-moliya sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirishga intilib, sarmoyadorlarning bu sohani yanada takomillashtirishga qaratilgan tashabbuslari uchun ochiq ekani ta’kidlandi.

Mamlakatimiz iqtisodiy siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri – davlatning iqtisodiyotdagi ulushini kamaytirish va xususiylashtirishni kengaytirish. Barcha tarmoqlarda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari joriy qilinmoqda.

O‘zbekiston tabiiy resurslar borasida ulkan imkoniyatlarga ega ekani, ularni o‘zlashtirishda ishtirok etish uchun xorijiy investorlarga keng sharoitlar yaratilgani ko‘rsatib o‘tildi.

“Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilingan va amalga oshirilmoqda. Uning doirasida mamlakatimizdagi raqamlashtirish jarayonlariga xorijdan sarmoya va texnologiyalarni faol jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“Yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda, qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida ilmiy-texnik salohiyatni rivojlantirish va mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti yig‘ilishda hozir bo‘lgan barcha investor va hamkorlarni qayd etilgan loyiha va dasturlarda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Majlisda so‘zga chiqqan Kengash a’zolari keyingi yillarda Yangi O‘zbekistondagi islohotlar dasturining yuksak muvaffaqiyatlarini, ular natijasida biznes bilan shug‘ullanish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratilganini qayd etdilar. Investorlarning faoliyatiga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilayotgani uchun davlatimiz rahbariga chuqur minnatdorlik, bundan buyon ham o‘zaro manfaatli sheriklik qilishga tayyorlik bildirildi.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xorijiy investorlar bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bugungi majlisda bildirilgan takliflar asosida aniq muddat va ijrochilarni ko‘rsatgan holda “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.