O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili: Anjuman ishtirokchilari Afg‘oniston muammosi va uni hal qilishda O‘zbekistonning roliga juda yuqori baho berdi

O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosat  masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov “Dunyo” AA uchun intervyusida Toshkentda 25-26 iyul kunlari  o‘tkazilgan «Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish» mavzusidagi xalqaro konferensiyaning mintaqa xavfsizligini taʼminlashdagi ahamiyatini alohida taʼkidladi.

– Muhtaram Prezidentimiz konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida qator muhim tashabbuslarni ilgari surdilar. Anjuman ishtirokchilari ushbu takliflarni katta qiziqish bilan kutib oldi.

Ishtirokchilarning barchasi hozirgi real vaziyatni tan olgan holda masalani chuqur o‘rganib, shu asosda o‘z fikrlarini bildirdi. Avvalo, biz hozir mutlaqo boshqa Afg‘oniston bilan muomala qilmoqdamiz. Toshkent konferensiyasida barcha tomonlar bilan birga mana shu yangi Afg‘onistonga qanday yordam berish, qay tariqa yangi loyihalarni amalga oshirish mumkin, degan savollar atrofida fikr almashdik.

Anjuman ishtirokchilari Afg‘oniston muammosi va uni hal qilishda O‘zbekistonning roliga juda yuqori baho berdi.

Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy «Men bu yerda muhokama qilingan barcha masalalar, savollarni va hatto shikoyatlarni ham yozib borayapman. Kobulga qaytishim bilan ushbu masalalar hukumat tomonidan muhokama qulinadi va biz bu borada umumiy til topishga harakat qilamiz», deya taʼkidladi.

O‘ylashimcha, shuning o‘zi ham tomonlar o‘rtasida o‘zaro ishonch yuzaga kelishi va rivojlanishi uchun katta qadamdir.

Albatta, bu Afg‘oniston bo‘yicha Toshkentda o‘tkazilgan birinchi konferensiya emas. Bungacha o‘tkazilgan konferensiyalarning ham o‘z kun tartibi bo‘lgan. Bugungi anjuman kun tartibi esa mutlaqo yangicha mazmun kasb etdi. Jumladan, Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi  Amirxon Muttakiy konferensiyada ikki marta so‘zga chiqdi, kutilmagan va dolzarb savollarga javob qaytardi, Afg‘onistonning jahon hamjamiyati bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga tayyor ekanini maʼlum qildi. 

Albatta, qirq yillik urush sababli mamlakatda ko‘plab muammolar to‘planib qolgan, ammo biz ana shu muammolarni yechishga tayyor bo‘lgan yangi davlatni ko‘rib turibmiz.

Bugungi uchrashuvda tomonlar uchun og‘riqli masalalardan biri, yaʼni chet elda muzlatilgan afg‘on moliyaviy resurslaridan foydalanish  masalalari ham AQSH, ham Afg‘oniston vakillari tomonidan ko‘tarilgani holda, muhokama qilindi.

Bu oldingi kun tartibi tarixda qolganidan dalolat beradi. Hozir Afg‘oniston oldida turgan asosiy masalalar – rivojlanish,  iqtisodiy tiklanish, ijtimoiy muammolarni hal etish, taʼlim hamda sog‘liqni saqlash sohalaridir.

 Xulosa o‘rnida aytish kerakki, Afg‘oniston bo‘yicha navbatdagi Toshkent konferensiyasi oldingilaridan tubdan farq qildi. Bu anjumanda biz yangi Afg‘onistonni qurish modelini muhokama qildik. Bu Afg‘oniston uchun ham, O‘zbekiston uchun ham, xalqaro hamjamiyat uchun ham juda katta muvaffaqiyat bo‘ldi, deb ayta olaman.