O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklarining Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va uni yangi amaliy mazmun bilan boyitishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Vazir Muhammad al-Gargaviy davlatimiz rahbariga Amirliklar Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon va BAA Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad Ol Maktumning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Birlashgan Arab Amirliklari hukumati Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohot va yangilanishlar dasturini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani, uning samarali ro‘yobga chiqarilishida zarur ko‘makni ko‘rsatishga tayyorligi ta’kidlandi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston-BAA munosabatlari jadal rivojlanib borayotganini qayd etish joiz. Tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari va investitsiyalar hajmi o‘smoqda. Jumladan, joriy yil boshidan o‘zaro savdo ikki barobarga ko‘paydi, mamlakatimizda 45 ta yangi qo‘shma korxona tashkil etildi.
Iqtisodiy hamkorlikni muvofiqlashtirish va ilgari surish bo‘yicha ta’sirchan tizim asosida Amirliklarning yetakchi kompaniya va tashkilotlari ishtirokida investitsiyalar hajmi qariyb 3 milliard dollar bo‘lgan 17 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.
“Mubadala” kompaniyasi bilan hamkorlikda Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi quvvatlarini kengaytirish, “Masdar” kompaniyasi bilan esa yurtimiz hududlarida shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish loyihalari amalga oshirilmoqda.
Yetakchi “DP World” kompaniyasi bilan “Navoiy” multimodal xabi va iqtisodiy zonasini rivojlantirish, shuningdek, bojxona ma’muriyatchiligi tizimini modernizatsiya qilish masalalari ishlab chiqilmoqda.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, logistika, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarda qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Muzokaralar chog‘ida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish borasidagi, “Bir million dasturchi” dasturi va Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar akseleratori faoliyati doirasidagi hamkorlikning amaliy natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Innovatsiyalar va sun’iy intellekt sohalarida hamkorlik qilish, muhim tarmoqlarni isloh qilish, davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish va zamonaviy kadrlarni tayyorlash yuzasidan muloqotni kengaytirish uzoq muddatli sheriklikning yangi yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Qabul qilingan qarorlar va uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslarni to‘liq amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.